“Navoiydan Navoiyni oʻrganaylik!”
9-fevral. Bu kun yurtimizda oʻzgacha shukuh, oʻzgacha fayz, oʻzgacha quvonch bilan oʻtadigan kundir. Boisi, buyuk shoir, gʻazal mulkining sultoni Alisher Navoiy bobomiz ushbu qutlugʻ kunda tavallud topgan. Oradan besh asrdan koʻproq vaqt oʻtibdiki, bu tabarruk nom tillardan tushmay, hamon ahli adab dilidan chuqur joy olib kelmoqda.
Har yili xalqimiz ushbu muqaddas sanani oʻzgacha tayyorgarlik bilan qarshi oladi. Buyuk mutaffakir, davlat arbobi A.Navoiy tavalludiga bagʻishlab yurtimizning har bir burchagida, oʻquv muassasalarida turli Navoiyxonlik kechalari, tadbirlar oʻtkazib kelinadi. Navoiy shahridagi 10-umumiy oʻrta taʼlim maktabida ham Navoiy ijodiga bagʻishlab oʻtkazilgan ochiq darslar, tadbirlar, adabiy-badiiy kechalar shular jumlasidandir. Maktabning ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi Saodat Qobilova boshchiligida oʻtkazilgan “Abadiyatga muhrlangan millat dahosi” nomli adabiy kecha ham oʻquvchilarga oʻzgacha koʻtarinki ruh bagʻishladi, barchani birdek Navoiy ijodini oʻqib, uqishga, “Navoiydan Navoiyni oʻrganish”ga undadi. Tadbirni ochib berish uchun soʻzga chiqqan maktab direktori Oblayev Sattor Murodovich oʻquvchilarga ona tiliga muhabbat, uning beqiyos boyligini anglash tuygʻusi bizning ong-u shuurumizga, yuragimizga, avvalo, Navoiy asarlari orqali kirib kelishini, shu sabab ham shoir ijodiga befarq boʻlmaslik lozimligini taʼkidladi. Oʻquvchi-yoshlar tomonidan maromiga yetib ijro etilgan sahnaviy koʻrinishlar esa tadbir kuzatuvchilariga olam-olam quvonch baxsh etdi. Har bir oʻquvchining qalbida Alisher Navoiyga boʻlgan mehr-muhabbatni uygʻotishda ona tili va adabiyot fani oʻqituvchilarining oʻrni beqiyosdir. Koʻp yillardan beri oʻquvchilarga saboq berib kelayotgan fidoyi oʻqituvchimiz Saodat Qobilova tadbir yakunida shunday dedi:
-Navoiy ijodi tuganmas xazina. Uni oʻrganganimiz sari u haqidagi bilimlarimiz juda ozligiga ishonch hosil qilamiz. Bugungi tadbirimizni ham Navoiyni oʻrganish yoʻlidagi bir urinish, bir qadam oʻrnida qabul qiling. Chunki Navoiyni oʻrganish to insoniyat yashar ekan, aslo tugamaydi.
Kuy-qoʻshiqlarga ulanib ketgan tadbir barchaga birdek manzur boʻldi.
Shu va shu kabi tadbirlarning samarasi oʻlaroq, bugun Navoiy ijodiga oshufta qalblar koʻpaymoqda. Barchamiz birdek, “Navoiydan Navoiyni oʻrganish”imiz lozim. Zeroki, Alisher Navoiy bobomiz xalqimizning ongi va tafakkuri, badiiy madaniyati tarixida butun bir davrni tashkil etadigan buyuk shaxs, milliy adabiyotimizning tengsiz namoyondasi, millatimizning gʻururi, sha’n-u sharafini dunyoga tarranum qilgan oʻlmas soʻz san’atkoridir.
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
Izohlar (0)