Alisher Navoiy g‘azallari va “Navoiy gulshani” AQSHda chop etildi
2021-yil yanvar o‘rtalarida Alisher Navoiy g‘azallari va Tursunoy Sodiqovaning “Navoiy gulshani” risolasi jamlangan “Without You” (Sensiz) nomli kitob AQSHdagi Arizona shtatida joylashgan “Jasmaya Productions and Publications” nashriyotida chop etildi. Kitobni shoir va tarjimon A’zam Obid tarjima qilib, nashrga tayyorladi. Ushbu loyiha hazrat Navoiy tavalludining 580-yilligi oldidan dunyoga keldi.
- Men Alisher Navoiy asarlari ingliz tiliga judayam kam o‘girilganidan xabar topgach, hayron qoldim, hatto bundan xafa ham bo‘ldim. Agar kaminaga yana bir bor yashash imkoni berilganida bormi, butun hayotimni chig‘atoy-turkiy va unga yaqin tillarda yozilgan nodir asarlar tarjimasiga bag‘ishlagan bo‘lardim,- dedi ushbu kitobga muharrirlik qilgan Ebigeyl Britton.
“Without You” Navoiyning 14 ta juda chiroyli g‘azali hamda shoira va ma’naviyat targ‘ibotchisi Tursunoy Sodiqovaning qator boshqa g‘azallarga sharhlarini o‘z ichiga oladi. Ajoyib rassomlarimiz Shavkat Muzaffar va Husan Sodiqov g‘oyat go‘zal ishlari bilan kitobni bezash orqali ushbu loyihada ishtirok etishdi. Kitob “Amazon” onlayn tarmog‘ida ham mavjud.
“Biz Navoiyni nafaqat ingliz dunyosiga, balki yer kurrasidagi yuz millionlab boshqa xalqlarga ham tanishtirish yo‘lida juda kam ish qildik. Men adabiyotimizni chet tillariga tarjima qilish va xorijda targ‘ib etishga mas’ul bo‘lgan O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi hukumat qo‘llovidagi birorta tashkilot yo uyushma a’zosi emasman, ya’ni bunday ishlarni mustaqil va ko‘ngilli ravishda amalga oshirmoqdaman. Istagim shuki, Alisher Navoiy nomini ko‘tarib yurgan va boshqa barcha mas’ul muassasalar, katta-kichik dargohlar tezroq uyg‘onsin va jiddiyroq xalqaro loyihalar bilan ham shug‘ullansin”,- ta’kidladi kitobni ingliz tiliga tarjima qilgan A’zam Obid.
Shu kungacha A.Obid o‘zbek adabiyoti, xususan, Navoiyni dunyoga tanitish uchun talaygina ishlarni amalga oshirdi. Masalan, 2004-yili u AQSHdagi Ayova shahar teatrida amerikalik aktrisa bilan birga Navoiy siymosini sahnaga olib chiqdi. 2011-yili birinchi bobi Navoiyga bag‘ishlangan “Qush tili” nomli yetti tildagi xalqaro she’riyat antologiyasini nashr ettirdi, 2018-yili esa “Farhod va Shirin” dostonini ingliz tilida chet elda chiqardi. Shuningdek, u o‘zbek tilidagi “Navoiy” badiiy filmini inglizchaga o‘girdi. A.Obid xorijlik adib, shoir va tarjimonlar Yanush Krjizovskiy, Geri Dik, Mariya Filipova, Mori Key, Laura Uitton va ko‘plab boshqa do‘stlariga hazrat Navoiyni Polsha, Kanada, Bolgariya, Yaponiya, AQSH va boshqa mamlakatlarda tanishtirishga ko‘maklashdi.
O‘zbek adabiyoti, madaniyati va san’atini chet mamlakatlarda targ‘ib etish uchun A’zam Obid dunyoning turli burchaklaridagi vatandoshlar yordamida Navoiy institutini ochishni orzu qiladi. U O‘zbekistonda yillik xalqaro she’riyat festivali boshlashni ham rejalashtirmoqda. Bu yil u o‘z mustaqil tashabbusi hisoblangan “Chet ellik yozuvchi va rassom O‘zbekistonda rezidensiyada” (UzLAB) ijodiy turizm dasturini davom ettirish niyatida. Shuningdek, u yozuvchi, shoir va rassomlarga xalqaro aloqalarga ochilish va chet elda tanilish yo‘llarini bosqichma-bosqich tushuntirgan holda “Mitti ko‘prik” Telegram kanalini, S.Yudakov uy-muzeyida ijodkorlar uchun bepul ingliz tili klubini yuritmoqda. A.Obid jonajon Vatanimizda adabiyot va san’at albatta mustaqil rivojlanish yo‘liga tushib olishi lozim, degan fikrda. U mamlakat rahbarlari, xalqaro donorlar va volontyorlardan Toshkentdagi mahallalardan birida chet ellik ijodkorlar yashab, boshqa ilg‘or adabiy-madaniy loyihalar qatorida o‘zbek adabiyotining eng yaxshi namunalarini, jumladan, Alisher Navoiy asarlarini turli dunyo tillariga tarjima qiladigan mustaqil “Xalqaro ijod uyi” ochishda unga chin dildan qo‘shilish hamda o‘zi va oilasini qo‘llab-quvvatlashga chorlaydi.
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
Izohlar (0)