Timsoh bilan 20 yillik do`stlik
Timsohlar sovuq qonli hayvonlar sirasiga kiradi. Ma’lum bo‘lishicha, ular turli xil o‘yinlar o‘ynashni xush ko‘rishadi. Shuningdek, timsohlar odamlar bilan do‘st bo‘lishga ham qodir.
AQShning Tennesi Universiteti biologi Vladimir Dinets timsohlar ustida ko‘pgina tadqiqotlar olib borgan. U timsohlarning xatti-harakatlarini o‘rganishga ko‘p yillarini bag‘ishlaydi. O‘z tadqiqotlari natijasida sudralib yuruvchilarning ov qilish jarayonida qo‘lbola asboblardan foydalanishlari mumkinligini aniqlagan.
Tinib-tinchimas biolog keyingi tadqiqotlar doirasida Internet orqali hayvonlarni sevuvchilarning olam-olam sharhlarini o‘rganib chiqadi. Ilmiy ish natijalari esa Animal Behavior and Cognition jurnalida chop etiladi.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, timsohlar hissiyotlarga boy hayvonlar ekanligi tasdiqlangan. Ular ham oddiy uy hayvonlari singari turli narsalardan zavq olishni bilishadi. Dinets timsohlar sevuvchi asosiy mashg‘ulotni aniqladi. Ular: atrofdagi obey’ktlar orqali o‘yinlar o‘ynash, mustaqil yoki ijtimoiy faoliyat bilan band bo‘lish.
Yosh timsohlar ko‘pincha suv yuzasida suzib yuradigan narsalar – suvga tashlab ketilgan chiqindilar, novdalar, barglar bilan o‘ynashni xush ko‘rishadi. Quruqlikda esa dumaloq buyumlarni dumalatishdan mamnun bo‘lishadi.
Ijtimoiy o‘yinlar bilan mashg‘ul bo‘lish bevosita timsohlarning insonlar bilan aloqa qilishlarini anglatadi. Ko‘p yillar oldin sodir bo‘lgan ushbu voqea so‘zimizning yaqqol isbotidir. Bir notanish odam yarador timsohni ko‘rib unga yordam beradi. Yarador timsohni hayvonot bog‘iga joylashtiradi, uning holidan xabardor bo‘ladi. Sog‘ayib ketgan timsoh va uni o‘limdan qutqargan mehribon inson o‘rtasida 20 yillik kuchli do‘stlik rishtalari bog‘lanadi. Hayvon uni ko‘rish uchun tashrif buyurgan xaloskor do‘stiga mehr-muhabbat alomatlarini ko‘rsatgan holda, o‘zini silashga imkon beradi. Bularning barchasi timsohlar juda hissiyotli hayvon ekanliklaridan dalolat beradi, deb yozadi NATIONAL GEOGRAPIC РОССИЯ.
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
Izohlar (0)