Saida Rametova – navoiylik opa-singillari orasida
Bir necha kundirki viloyatimiz aholisi Oʻzbekiston xalq artisti Saida Rametovaning konsert dasturlari, suhbatlari bilan yaqindan bahramand boʻlishdi.
Saida Rametova bilan oilaviy hayoti, sanʼati haqida yaqindan suhbatlashdik.
- Uchrashuv boshlanganida sogʻayib ketsam, viloyatlar boʻylab aylanib yuraman, muxlislarim bilan diydorlashaman, opa-singillarim orasida boʻlganimdan xursandman, dedingiz. Uchrashuvlar sizda qanday taassurotlar qoldirdi?
- Navoiyda 4-5 kundan beri yuribman, hamma uchrashuvlarim yaxshi boʻldi. Oʻzimga mos tomoshabinlar, dugonalarim, onaxonlar, hoji onalar,tengdoshlarim. Bu muxlislarim mendan qaynona rolini kutishadi, qoʻshiqlar kutishadi.Har xil rollar qilib berishimni kutishadi.Men ham ularga qarab oʻz repertuarimni tayyorlab kelganman. Tomoshabinlar maʼnaviy ozuqa olishdi. Madaniy hordiq chiqarishdi. Muxlislar bilan suhbatlashsam qoʻshiq aytsam, raqsga tushsam, rollarni ijro etsam oʻzim ham mazza qilaman, energiya olaman, ruhiyatim tetik boʻladi, kuch olaman. Toʻgʻri hozir betobman, koʻpincha oʻzingni ehtiyot qiling, deyishadi, lekin mana shu tomoshibinlarimdan kuch olaman. Uchrashuvlarimiz juda yaxshi oʻtdi. Mening nazarimda muxlislarim xursand boʻlib ketishyapti.
- Hozir ijro etgan monologingizda biz oldin kelinlik vaqtimizda erta turib kech uxlaganmiz dedingiz. Bizning sevimli aktyorimiz Saida Rametova kelinlik davrini qanday eslaydi.
- Men kelinlik vaqtimda hamma yumushlarni bajarganman.Vay, artisni kelin qilamizmi, deyishgandan keyin men doim harakat qilganman qaynona, qaynotaga yoqishga, turmush oʻrtogʻimga, qarindosh-urugʻlariga yoqishga. Artisdan kelin qildik, hech ish qilmas ekan, demasin deb, roʻzgʻorning hamma ishini qildim. Ularga yoqishga, har bir ishim risoladagidek boʻlishga, ozoda boʻlishga, hamma ovqatlarni yaxshi pishirishga, kir yuvishlarni ham qilganman. Qaynona, qaynotam hammalari mendan rozi boʻlishdi. Mana Jumadullo Rametov bilan 40 yil boʻlibdi turmush qurishganimizga, ular ham mendan rozi. Uylanganda baʼzan erkaklarda pushaymon ham qiladigan joyi boʻladi. e-e, boshqasiga uylansam boʻlarkan, degan fikr koʻnglidan oʻtishi mumkin. Lekin Jumadullo Rametovdan bunday fikr oʻtmagan, Ollohga shukr. Hammalarini oldida meni ham, Jumadullo Rametovni ham doʻstlari, qavm-qarindoshlari oldida yuzlari yorugʻ. Chunki sanʼatkor turmush qurganda albatta gap-soʻz boʻladi: eee ertaga ajralib ketishadi, deb. Chunki oʻshanaqalar boʻlgan-da. Shundaylar boʻlgach hammaga bir xil baho berishadi. Lekin sanʼatkorlarni ichidayam uyim, joyim deydiganlari juda koʻp. Turmushga chiqdimi oʻsha nikohini astoydil ushlashga harakat qilishadi. Masalan,Toʻti opam Yusupova, Gavhar Opa Zokirova, Shohida Ismoilova, Barno Qodirova kabi koʻplab aktyorlarni, sanʼatkorlarni sanashimiz mumkin.Biz bu insonlarga havas qilib yashaganmiz. Mana shu sanʼatkorlarimiz 50, 60 hatto 70 yil turmush qurganlarini aytishadi. Toʻti opam bilan suhbatlashganda 60 yil boʻlibdi Mirgʻiyos aka bilan turmush qurganimizga, deganlarida havas qilganman. Mana bizlarga ham 40 yil boʻlibdi. Hamma sir chidashda, sabr-toqatda, oila – bu vatanda. Har bir oila vatan. Ayol kishi mana shu oilani eng koʻproq oʻylashi kerak. Agar ayol kishi shu vatanimga ozgina hissamni qoʻshay, xizmatimni qilay, yuzim yorugʻ boʻlsin desa, shu oilani mustahkam ushlashi kerak. Sal shap-soʻz qochsa, boʻldi, deb ajralib ketmaslik kerak.Imkon qadar sabr-toqat qilsa shundagina mana shu vatanga xizmat qilgan boʻlamiz, yaxshi oʻgʻil-qizlarni yetkazib bergan boʻlamiz.Ham oldimizga qoʻygan maqsadga erishgan boʻlamiz.
- Navoiy viloyati ahliga, yoshlarga tilaklaringiz.
- Ayollarimizni mingta joni bor dedim, shu mingta joni bor ayollarimiz, onaxonlarimiz, dugonalarim, opa-singillarimni umri uzoq boʻlsin, tani joni sogʻ boʻlsin.
Mana shu sheʼrimni yana aytaman:
Roʻzgʻoriga osoyishta huzur bergan,
Farzandiga iymon, bergan, gʻurur bergan,
Bu dunyoga Amir Temur, Bobur bergan,
Oʻzbegim ayollari, Oʻzbekiston ayollari.
Mehr bilan toshlardan gul undirganim,
Har yomonni yaxshilikka koʻndirganim,
Beshiklarni allalarga toʻldirganim,
Oʻzbegim ayollari, Oʻzbekiston ayollari.
Shu ayollarni mingta joni omon boʻlsin.
Navoiy viloyati ahliga, onaxonlariga, mard, zabardast aka-ukalariga, yoshlarga eng birinchi tilagim sogʻ boʻlishsin, sogʻligiga eʼtibor berishsin.Sogʻlik boʻlsa hammasi asta-sekin boʻladi. Vaqtida davolansin vaqtida oʻzlariga eʼtiborli boʻlishsin. Kasalliklar yurtimizdan ketsin. Hammalari ilmli, bilimli, oʻqimishli boʻlishsin. Oldiga qoʻygan maqsadiga erishsin, yoshlarimizga judaya katta imkoniyatlar berilgan, mana shu imkoniyatlardan vaqtida foydalanishsin, til oʻrganishsin. Yurtboshimizga rahmat, mana shu yoshlarimizni yaxshi tomonoga jalb qilyapti.Hammasi oldiga maqsad qoʻyyapti. Mana shu chempionlarimiz yutuqlarga ega boʻlishdi. Yoshlardan umidimiz katta. Bayrogʻimizni yuqori koʻtarishsin. Dunyoni zabt etishsin. Dunyo bizga havas qilsin. Yoshlar sizlar har bir daqiqadan foydalaninglar. Umr judayam tez oʻtib ketadi. Odam ulgurmay qoladi. Hozir sizlarga berilayotgan imkoniyatdan foydalaninglar, oʻqinglar ilmli, bilimli boʻlinglar. Koʻproq kitob oʻqinglar.
.- Suhbatingiz uchun rahmat.
Feruza QODIROVA suhbatlashdi.
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
Izohlar (0)