«Barkamol avlod» maktabi – “muammolarimiz bisyor”
Mir Alisher bobomiz oʻz asarlarida hunar oʻrganish va uni hayotda qoʻllashning muhim jihatlari haqida juda koʻplab hayotiy misollar yozib qoldirgan: “Hunarni asrabon netkumdir oxir, olib tufroqqamu ketgumdir oxir”.
Hunar oʻrgangan kishi tafakkurida yaratuvchanlik, kelajakka ishonch va umid uygʻonadi. Bolalarda bunday xislatlarni tarbiyalovchi maskanlardan biri “Barkamol avlod” maktablaridir.
Konimex tuman «Barkamol avlod» maktabi oʻquvchilarining hari biri ongu shuurida yaratuvchanlik barq urib turganligini koʻrish mumkin. Ushbu maktabda 340 nafar oʻquvchi hunar oʻrganadi, kelajakdagi kasbi uchun zamin tayyorlaydi.
Konimex tuman “Barkamol avlod” maktabida Odil Zoirov yosh dasturchilar, robotatexnika toʻgaragi aʼzolariga mashgʻulotlar oʻtadi. Toʻgarakda 3 ta guruh boʻlib, jami 30 nafar bola taʼlim oladi.
Yaqinda “Samoga parvoz” varraklar saylining tuman va viloyat bosqichlarida maktab oʻquvchilaridan Nurkin Yeraliyev va Behroʻz Norpoʻlatov 1- va 2- oʻrinlarni qoʻlga kiritdi.
Bekzat Kadirov esa “ROBOT UZ” Respublika koʻrik-tanlovining tuman bosqichida 1-oʻrin, viloyat bosqichida faxrli 2-oʻrinni egallab, Respublika tanloviga hozirlik koʻrmoqda.
- Oʻquvchilarning texnika va IT sohasiga boʻlgan qiziqishlari juda baland. Ularni shu sohadagi bilim va koʻnikmalarini oshirib borishimiz kerak. Chunki kelajak kasb-hunari boʻlgan texnika sohasiga yetuk mutaxassislar tayyorlashimiz lozim. – deydi toʻgarak rahbari Z. Odilov.
Maktabning gilamdoʻzlik toʻgaragi rahbari Gulzira Tangatarova sal kam 50 yildan beri shu dargohda mehnat qilib kelyapti. 2015-yil sentyabr oyida G. Tangatarova taʼlim sohasida olib borgan mehnatlari uchun “Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi aʼlochisi” Nishoni bilan mukofotlangan.
- Oldingi yillarda oʻquvchi boʻlib toʻgaraklarimizga qatnashib kelayotgan oʻquvchilarimiz bugungi kunda oʻzlari ustoz boʻlib maktabda ishlayapti. Hunarli kishi xor boʻlmaydi. Baʼzi oʻquvchilarimiz hunari tufayli oʻz biznesini yoʻlga qoʻygan. Shunga aytsa kerak, yoshlikda oʻrgangan hunar toshga oʻyilgan naqsh kabidir,– deydi G. Tangatarova.
Mazkur toʻgarakda 20 nafar oʻquvchi gilamdoʻzlik sir-asrorlarini oʻrganmoqda.
Koʻrgazmalar zalidagi qoʻgʻirchoqlarni koʻrib, hayratlanasan kishi. Mana bu qoʻgʻirchoqlarni oddiy baqlashkadan yasaganiga ishonasizmi?
- Bu qoʻgʻirchoqlarni Meruyet Barnayeva yasagan. Uning toʻgaragida 20 nafar oʻquvchisi bor. Meruyet hozir Navoiy davlat pedagogika institutining 2-bosqich talabasi. Ikki yildan beri maktabimizda ishlaydi. Meruyet ham oldin maktab oʻquvchiligi paytlari shu maktab toʻgaraklariga faol ishtirok etgan, hozir esa oʻzi ustoz, - deydi Konimex tuman «Barkamol avlod» maktabi uslubchisi Lazzat Sharapatova.
Bolalarni estetik tarbiya berish, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishda munchoqli bezak toʻgaragi faoliyati ham alohida oʻrin tutadi.
Bu toʻgarakka Damigul Azerbayeva rahbarlik qiladi. D. Azerbayeva 25 yildan buyon shu dargohda mehnat qilib keladi.
- Toʻgaragimizda 25 nafar aʼzosi bor. Ular munchoqlardan har xil bezakli ishlarni oʻrganishadi, - deydi D. Azerbayeva.
Muammolarimiz ham bisyor...
Bolalar uchun mazmunli boʻlgan bu dargohning ham oʻz muammolari bisyor.Tashkilotning xoʻjalik mudiri Zuxra Nurmurodova bilan suhbatlashganimizda bir qancha yechimtalab muammolar haqida gapirdi.
- Tuman «Barkamol avlod» maktabi Konimex tuman maktabgacha taʼlim tashkiloti boʻlimi binosida ijarada turadi, oʻzining binosi yoʻq. Mashgʻulot xonalari tor. Maktabning oʻz binosi boʻlishini soʻraymiz. Toʻlovlarni bekor qilish kerak. Sababi, baʼzi oʻquvchilarimiz toʻlovlarga qiynalishadi. “Temir daftar”da turgan oila farzandlarini bepul oʻqitiyapmiz, lekin, shunday boʻlsa-da, baʼzi oilalar toʻlovlarga qiynalishadi. Yana bir taklifim, hunar toʻgaraklari maktablarda ham, markazda ham bor. Menimcha toʻgaraklarni faqat “Barkamol avlod” maktabiga berilishi kerak. Maktab esa bolalarni fanlardan saboq olishi bilan shugʻullanishi kerak. Umumtaʼlim maktablarda faqat fan toʻgaraklari, “Barkamol avlod”da esa hunarmandchilik va boshqa toʻgaraklar faoliyat yurtsa, ayni kutilgan natijaga erishamiz.
Suhbat chogʻida tanlovlarda oʻrin olgan oʻquvchilarning ustozlariga “oʻquvchilaringiz tanlovlarda oʻrin olganiga ragʻbatlantirish qancha olasiz?” degan savol bilan murojaat qilganimizda, ular iymanibgina “ha” degan javobni berishdi.
Ha, bu dargohda bolalar kelajagi uchun oʻzini masʼul deb bilgan fidoyilar ishlaydi. Ular bu yechimtalab muammolarga Xalq taʼlimi Vaziri va Konimex tuman hokimidan javoblar kutib qoladi.
Feruza QODIROVA
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
Izohlar (0)