Iymon nima?
Alloh taolo xaloyiqni, borliqni yaratishdan oldin Oʻzi hammadan oldin yaratgan Qalamga aytib, qiyomat qoimgacha bu dunyoda boʻladigan ishlarni yozdirib qoʻygan. Har bir musulmon mana shu narsaga iymon keltirishi kerak. Ana shunda oʻtgan narsaga nooʻrin munosabatda boʻlib, oʻzini ham, oʻzgalarni ham qiynamaydi, qazoi qadar aqiydasiga shak keltirmaydi.
Xuddi shu aqiydada yashab, xuddi shu aqiydada oʻlish har bir musulmon uchun nihoyatda zarurdir. Chunki bu aqiydadan chetga chiqqan odam zalolatga ketgan boʻladi.
Ulugʻ sahobiy Uboda ibn Somit roziyallohu anhu boshqa bir rivoyatda moʻminlik va otalik burchlarini ado etib, oʻgʻillariga qazoi qadarga iymon keltirishdan dars berganlar. U kishi oʻgʻillariga murojaat qilib:
“Ey oʻgʻlim! To oʻzingga yetgan narsa seni chetlab oʻtishi mumkin emasligini va oʻzingni chetlab oʻtgan narsa senga yetishi mumkin emasligini bilmaguningcha, hech qachon iymon haqiqatining taʼmini topa olmassan”, deganlar.
Qarang, iymon haqiqatining taʼmi qazoi qadarga ishonishda ekan! Oʻziga yetgan narsani “Bu meni chetlab oʻtishi mumkin emas edi, shu narsa albatta boʻlishi kerak edi”, deb bilishda ekan! Oʻziga yetmay, chetlab oʻtib ketgan narsani “Bu shunday boʻlishi kerak edi, baribir menga yetmas edi”, deb bilishda ekan!
Agar bunga jiddiyroq eʼtibor beradigan boʻlsak, gap boʻlib oʻtgan ishlar haqida ketmoqda: Oʻzingga yetgan narsa seni chetlab oʻtishi mumkin emasligini, yaʼni senga yetgan yaxshilik seni chetlab oʻtishi mumkin emasligini bilmaguningcha, iymon haqiqatining taʼmini topa olmassan! “Bu yaxshilik oʻzimning ustaligimdan, boshqalardan ustunligimdan yoki falonchining yordamidan yetdi”, deb oʻzingdan ketma. “Shu narsaga Allohning xohishi boʻlgan ekan, menga yetdi”, deb Allohga shukr ayt!
Shuningdek, senga yetgan yomonlik seni chetlab oʻtishi mumkin emasligini bilmaguningcha, iymon haqiqatining taʼmini topa olmassan! “Bu yomonlik falon narsa boʻlgani uchun yoki falonchining qoʻli bilan yetdi, agar unday boʻlmaganda, bunday boʻlar edi”, deydigan boʻlsang, iymon haqiqatining taʼmini topishingga yoʻl boʻlsin! Qachon “Shu narsa menga yetishi kerak edi, chetlab oʻtishi mumkin emas edi, men qazoi qadarga iymon keltiradigan odamman”, desanggina iymon haqiqatining taʼmini topishdan umid qilsang boʻladi.
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
Izohlar (0)