Abdulla Avloniy: Kim nimani yaxshi koʻrar (1913-y.)
Ehtimol, bizning xalq ilmu maʼrifatni, tarbiya va taʼlimni, hunar va sanoatni yaxshi koʻrar, deb oʻylaydurgʻondursiz? Yoʻq, bu fikringiz yonglish.
Eshonlarimiz toat va ibodat, pandu nasihat, zikru tasbeh oʻrnigʻa toʻylardan toʻn kiyub, koʻb oshab, koʻp uxlashni yaxshi koʻrurlar.
Ulamolarimiz darsu taʼlim oʻrnigʻa, bir-birlari ila oʻrun talashib, mukarrir va mudarris boʻlishni, oʻzlari boʻlolmay qolsalar, eshikma-eshik yurub saylovni buzishni yaxshi koʻrurlar.
Imomlarimiz, xaloyiqgʻa vaʼz va nasihat oʻrnigʻa, toʻy va janozalarda yurub, joma kiyishni yaxshi koʻrurlar.
Boylarimiz orqa-oʻnglarigʻa qaramasdan, foyda va zararlarini oyirmasdan bir-birlarigʻa raqobat qilaman deb, “bonka” va “kridit”larini koʻpayturub, doʻffilari tor kelganda rus va yahudiylarning mollarini bukub-sinishini yaxshi koʻrurlar.
Moʻysafidlarimiz namoz va niyoz oʻrnigʻa, masjid eshigiga yigʻilub oʻturub, har kimni gʻiybat va shikoyat qilishni yaxshi koʻrurlar.
Muallimlarimiz bir-birlaridan qizgʻonishub, bolalarni arzon oʻqitaman deb, bir oʻzlariga yuz, yuzdan ortuq bola yigʻub, oʻzlari toʻy va maʼrakalarda bolalarning umrini bekor oʻtkarishni yaxshi koʻrarlar.
Savdogarlarimiz: “Toʻylikni toʻyi oʻtar, toʻysizni kuni oʻtar” degan soʻzga amal qilmay, qaysi mahallada toʻy boʻlsa, dasturxonchilik qilishni yaxshi koʻrurlar.
Muazzinlarimiz azonni yaxshilab adoyi maxraj qilub aytishni oʻrganmay, bir joyda toʻy boʻlub qolsa, “Falonchinikiga oshga-ho!” deb qiroat ila qichqirishni yaxshi koʻrurlar.
Doʻkondorlarimiz ishlarini tartib-la solmay, zamonagʻa muvofiq ish yuritmay, Mallaxon zamonidan qolgʻon eski doʻkon, eski tos, eski tartiblarini yaxshi koʻrurlar.
Onalarimiz bilim va tarbiya oʻrnigʻa erlari ila urushub-talashub qizlarigʻa mol qilmakni yaxshi koʻrurlar.
Otalarimiz bolalarigʻa oʻqutmak va taʼlim bermak oʻrnigʻa “Oʻgʻlum emdi kattakon yigit boʻlding, shuncha oʻquganing yetar, pul top!” — deb “tashishka” — hammollik qildirishni yaxshi koʻrurlar.
Kosiblarimiz bir-biridan mollarini arzon sotaman deb, tezgina yirtiladurgʻon, tikishlar undan urub, mundan chiqgʻon, suvni yetti chaqirim yerdan chaqiradurgʻon mahsi va etiklar tikub, sotishni yaxshi koʻrurlar.
Zargarlarimiz yigirma tiyinlik kumush, oʻn tiyinlik tillo orasigʻa mum va saqichlar joylab, ismini qiz hayron, zebigardon qoʻyub, besh-oʻn soʻmga sotishni yaxshi koʻrurlar.
Tabiblarimiz dolchin, zanjabil, hubbul malik, filfil kabi bir necha attorni qutisida yoʻq narsalardan murakkab doru va maʼjunlar yasab, bechora nodon xalqni pulini olishni yaxshi koʻrurlar.
Mashshoq va hofizlarimiz toʻy va bazmlarga bir mardakni(ng) ismini bachcha qoʻyub, oʻzlari ila barobar olib yurub, “milliy adabiyot” oʻrnigʻa “Xonim yalola, begim yalola” deb bachchaga tashlanayotgan pullarni boʻlub olishni yaxshi koʻrurlar.
Savodxonlarimiz jarida va jurnallar, tarix va roʻmonlar oʻrnigʻa Daqyonus zamonidan qolgʻon, xurofotlar ila toʻlgʻon “Andogʻ urdilarki, gard-gard boʻlub ketdi”, deb loflar yozilgʻon kitoblarni ogʻizlarini qufurturub oʻqumoqni yaxshi koʻrurlar.
Yigitlarimiz milliy majlis va suhbatlar oʻrnigʻa toʻkma va samavarlarda, rasta va doʻkonlarda oʻlturub, “Falonchining oʻgʻli xoʻb yaxshi bola boʻlubdur, kecha falonchining mehmonxonasigʻa qamab, qiyqirtirub bazm qilduk. Emdi falonchining oʻgʻlini(ng) ham bir bazm qilsak, dunyodan armonsiz ketar eduk” deb, islomiyatdan uzogʻ insoniyat nomiga yarashmagan ishlarni qilmoq va soʻzlashmoqni yaxshi koʻrurlar.
Yoshlarimiz ilm va maʼrifatli boʻlishni, hunar, sanʼat oʻrgonishni oʻrnigʻa, oʻzlariga zeb berub tor shim ila kalta kamzul, qotirma yoqalarga bino qoʻyishni yaxshi koʻrurlar.
Ishchilarimiz ilm va hunardan mahrumligi sababli boshqa millatlar ilmu maʼrifatlari soyasida kuniga 4-5 soʻm ishlab turgan bu zamonda kuniga uch tangagʻa mardikorlikni, oyigʻa oʻn besh soʻmgʻa qorovullikni, yigirma soʻmgʻa fanar yoqishni, oʻn soʻmgʻa koʻnka yoʻlini tozalashni va shularga oʻxshash eng past va ogʻir xizmatlarni yaxshi koʻrurlar.
Bolalarimiz otalarimizning ilm qadrin bilmagan, ilm uchun pulni koʻzlari qiymaganlik sababli oʻqumoq va oʻrganmoq oʻrniga “Oh pul, jonim pul”, deb “tashishka” — hammollikni yaxshi koʻrurlar.
Muharrirlarimiz koʻb-koʻb oqcha olib, oz-oz yozishni yaxshi koʻrurlar.
Mushtariylarimiz foydali maqolalar oʻrnigʻa xabarlarni yaxshi koʻrurlar.
Dumalarimiz majlisga kelub, ustulga suyolub farogʻat qilub turgʻon vaqtlarida, bir tarafdan qattigʻroq tovush chiqsa choʻchib uygʻonishni yaxshi koʻrurlar.
Shoirlarimiz milliy sheʼr va adabiyot yozishni oʻrnigʻa muvashshahmi yoki “qoshingdan, koʻzingdan”, — deb, javonlarni maqtab fasod axloqgʻa sabab boʻladurgʻon sheʼrlar yozishni yaxshi koʻrurlar.
Ammo men boʻlsam, hozirgi zamonda indamasdan turishni yaxshi koʻrurman.
Manba Rost24
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
Ilon Mask tanlov eʼlon qildi: gʻolibga 100 million dollar beriladi
Antarktidaning hayvonot dunyosi
Navoiyda oʻtkazilgan marafonda viloyat IIBning 500dan ortiq xodimlari faol qatnashib, sovrindorlar qatoridan joy olishdi
Nima sabab stol pichoqlarining uchi yumaloq shaklga ega?
Hindistonda qanday qilib haqiqiy “suv parisi” tugʻildi?
Shavkat Mirziyoyev: “jurnalistlar mening quroldoshlarim”
Izohlar (0)