OAV: Qozogʻiston olimlari radiatsiyaga qarshi dunyodagi birinchi dorini yaratdi
Qozogʻiston tibbiyot olimlari odatda qon ketishni toʻxtatishda foydalaniladigan “aminokaproik kislota” preparati inson tanasini nurlanishdan samarali himoya qilishga qodir ekanini aniqladi. “Yevraziya” (Rossiyaning “Birinchi kanal”i filiali) syujetida ushbu kashfiyot shov-shuvli deb ataldi, deb yozmoqda Tengrinews.
Xabarga koʻra, kerakli tajribalar laboratoriya kalamushlari ustida oʻtkazilgan. Yarim asr davomida insoniyatga maʼlum boʻlgan “aminokaproik kislota” kalamushlar tanasiga kiritilgandan soʻng ular ikki marta ionlashtiruvchi nurlanish bilan nurlantirilgan. Kemiruvchilar oʻlmagan, hatto radiatsiya taʼsirini sezmagan.
“Biz dorini kukun shaklida berdik. Ushbu dori tabletkalar shaklida ham ishlatilishi mumkin. Uning biologik ulushi juda yuqori. Shpris bilan yuborish shart emas. Shuningdek, u oshqozon-ichak yoʻlining ichki organlarini parallel ravishda himoya qiladi. Radiatsiyadan keyingi eng keng tarqaladigan va xavfli taʼsir — ingichka ichakning shikastlanishidir”, — dedi B.Atchabarov nomidagi fundamental va amaliy tibbiyot ilmiy-tadqiqot instituti direktori Timur Soliyev.
Xabarlarga koʻra, tajriba davomida “aminokaproik kislota”ning qoʻshimcha foydali xususiyatlari topilgan. U erkin radikallarni yoʻq qilishga va yoshni uzaytirib, shu orqali umrning davomiyligini oshirishga qodir. Kislota asosida yaratilgan dori Alsgeymer kasalligining oldini olishga ham yordam beradi, ammo hozircha olimlar uning nurlanishdan himoya qilish xususiyatlarigagina eʼtibor qaratmoqda.
“Haqiqiy radioprotektor sifatida foydalanish uchun rasman tan olingan dorilar yoʻq. Bunday dorilarning yuqori, past va oʻrta dozadagi ionlashtiruvchi nurlanish taʼsiridan keyin tanani himoya qilishiga kafolat berilishi kerak. Menga maʼlum boʻlishicha, AQSH va Yevropadagi hech bir farmatsevtika kompaniyasi yoki dorixonada bunday xususiyatga ega rasman tan olingan dori yoʻq”, — deya tushuntirdi Timur Soliyev.
Telekanal maʼlumotlariga koʻra, qozogʻistonlik olimlar ushbu dori uchun patent olgan. Undan AES ishchilari yoki radiatsiya taʼsirida boʻlgan odamlar uchun profilaktika chorasi sifatida foydalanish mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
Izohlar (0)