Sud islohatlarida gender tenglik masalasi
Mamlakatimizda olib borilayotgan sud-huquq sohasidagi islohatlar jahon hamjamiyatida munosib eʼtirof etilayotgan bir vaqtda mazkur sohada kutilayotgan yangiliklar nafaqat sud tizimida faoliyat olib borayotgan xodimlarni, balki har bir fuqaroni xursand qilishi tabiiy.
Inson yaralibdiki, har narsada tenglik boʻlishini istaydi. Shuning uchun ham odil sudlovni amalga oshirishda tenglik prinsipi eng muhim tamoyillardan hisoblanadi. Lekin biz bu safar sud jaryonidagi tenglik emas, balki shu jarayonni olib borishga masʼul boʻlgan sudyalar oʻrtasida tenglik, aniqrogʻi gender tenglik masalasiga toʻxtalmoqchimiz. Bugun jamiyatning biror-bir jabhasini ayollarsiz tasavvur qilish mushkul. Lekin aynan sud sohasida ayollarning nisbatan kamligi bugungi kunning muammolaridan biridir.
Yurtboshimizning sud-huquq sohasidagi maʼruzalarida ham ayol sudyalar juda kamchilikni tashkil etishini taʼkidlab oʻtadilar. Toʻgʻri bu borada kimnidir ayblash yoki ayollarni sudlik lavozimiga tayinlanishiga toʻsqinlik qilinayotgan holatlar mavjud degan fikrdan yiroqmiz. Ammo koʻrsatkichlarda bunday tafovutning vujudga kelishiga sababchi boʻlayotgan ijtimoiy muhit taʼsirida ayollarimiz oʻzlarini koʻproq boshqa sohalarda koʻra olayotganligiga guvoh boʻlmoqdamiz. Xolbuki, mamlakatimizda har tomonlama shakllangan, bilimli va oʻz ustida ishlay oladigan, ham oilani, ham ishni eplay oladigan yurist ayollar soni kam emas.
Bu borada BMTning sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayyan BMTning Inson huquqlari kengashida Oʻzbekistonga tashrifining yakunlariga bagʻishlangan maʼruzasida mamlakatda olib borilayotgan sud-huquq islohatlariga yuqori baho berish bilan birga gender tenglik va ayollarni zoʻravonlikdan himoya qilinishini olqishlagan holda ayol sudyalarning ortishi ushbu qonunlarni amaliyotga muvafaqqiyatli joriy etishga yordam berishi mumkinligini taʼkidlagan. Unga taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, oʻsha vaqtda Oʻzbekistondagi 1038 nafar sudyadan atigi 129 nafari (12,4 foizi) ayollardir. Jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va maʼmuriy sudlarda ularning salmogʻi umumiy miqdorning 8 foizini tashkil etishini eʼtirof etgan.
Lekin olib borilgan islohatlar natijasida bugungi kunda Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan ayol sudyalar soni 165 nafarni tashkil etmoqda. Ularning ichida bir nechta sudyalar rahbarlik lavozimlarida ishlab, ham sudya, ham rahbar boʻlib, odil sudlovni taʼminlashda erkaklar bilan yelkama-yelka turib harakat qilmoqdalar.
8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar Oliy Kengashi tomonidan “Oʻzbekiston ayol sudyalari” nomli kitob chop etilib, unda Oʻzbekistondagi barcha ayol sudyalar haqida maʼlumotlar keltirilgan. Mazkur kitobni oʻqib, bir narsaga amin boʻlish mumkinki, undagi ayollarning aksariyati muayyan sudning sudyasi yoki raisi boʻlish bilan birga uch nafar farzandning onasi hamdir. Shu oʻrinda, bu ayollarning farzandlar tarbiyasi bilan bir vaqtda shunday masʼuliyatli kasbning egasi ekanligi, toʻgʻrirogʻi odil sudlovni taʼminlashda jonbozlik koʻrsatayotganlari tahsinga sazovordir.
Negaki, bitta bolani dunyoga keltirib, uni oyoqqa qoʻyish, jamiyatga kerakli inson qilib voyaga yetkazish uchun qancha mehnat va chidam kerakligi hech kimga sir emas. Ayol kishining bevosita majburiyati boʻlgan onalik va oilani yuritish bilan bir vaqtda odil sudlovni taʼminlash borasida faoliyat yuritishi uning jamiyat hayotiga befarq emasligini anglatadi. Tabiat tomonidan bir muncha zaif qilib yaratilgan ayolning hayotda har ikkala jabhani teng olib ketishi jarayonida uning qaysidir maʼnoda kamchiliklarga yoʻl qoʻyishi, belgilangan vazifalarni lozim darajada bajara olmasligi mumkinligi borasidagi fikrlarning qay darajada haqiqatga yaqin yoki yiroqligi yuqoridagi ayollarning faoliyatida koʻrish mumkin. Agar oʻz ishining fidoyilari, jamiyatning haqiqiy jonkuyarlari sifatida faoliyat yuritmaganlarida edi, bunday natijalarga erishmagan boʻlar edilar. Shu oʻrinda yana bir narsani taʼkidlash joizki, mamlakatimizda olib borilayotgan islohatlarning, unda ayollarning oʻrni masalasi bugungi kunda davlat siyosati darajasiga koʻtarilishini, ayollarga keng imkoniyatlar yaratilayotganligini qabul qilinayotgan qonun va qonunosti normativ hujjatlar bilan birga davlatimiz rahbarining BMTning inson huquqlari boʻyicha 46-sessiyasidagi tarixiy maʼruzasida alohida qayd etib oʻtilganligida ham koʻrishimiz mumkin.
Umuman Oʻzbekiston tarixida tajribali ayol sudyalar faoliyatini kuzatishimiz mumkin, jumladan, Xadicha Sulaymonova, Farruha Muhiddinova singari sudyalar nafaqat odil sudlovni taʼminlashda, balki sud tizimida rahbarlik lavozimlarida ham faoliyat yuritganlarki, bugun ularni shu yurtning, shu sohaning bir vakilasi sifatida faxr bilan eslamaslikning iloji yoʻq.
Qadimga yunon afsonalarida keltirilgan, oʻsha adolatni oʻz tarozisida ushlab turgan maʼbuda “Femida” ham ayol qiyofasida gavdalantirilganki, garchi uning koʻzlari bogʻlangan boʻlsa ham tarozi pallalarini teng tutib turibdi.
Sudlar mustaqilligini taʼminlashda, uning tom maʼnodagi “Adolat qoʻrgʻoni”ga aylanishida ayol sudyalarning koʻpayishi ijobiy natijalar beradi, albatta.
Nigora KENJAYEVA,
Navoiy tumanlararo
maʼmuriy sudi sudyasi
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
Sudyalar nima uchun qora xalat kiyishadi?
O‘ZBEKISTONLIK YOSH REJISSYOR TURKIYADA O‘TKAZILGAN KINOFESTIVALDA G‘OLIB BO‘LDI
Muhim uchrashuv
Investitsiya va eksport sohalaridagi natijadorlik bugungi kun talabiga mosmi?
«OSHKORALIK VA SO‘Z ERKINLIGI — BU DAVR TALABI, BU O‘ZBEKISTONDAGI ISLOHOTLARNING TALABI»
Aholining 45 foizi semirib ketishi mumkin
Izohlar (0)