Nega Buxoro boshqa viloyatlardan 10 yil orqada qolyapti?
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari boʻyicha maʼruza qildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar bermoqda.
– Buxoroning bugungi rivoji maʼqulmi, degan savolga mening javobim: yoʻq. Boshqa viloyatlardagi rivojlanishdan 10 yil orqada qolyapti. Korrupsiya, poraxoʻrlik barham topmayapti. Yalpi hududiy mahsulotda qishloq xoʻjaligi ulushi 50 foiz ekani eski zamondan nishon. Sanoat, xizmat koʻrsatish, tadbirkorlik boʻyicha viloyatning imkoniyatlari juda keng. Tuman hokimlari, sektor rahbarlarining dunyoqarashi oʻzgarishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Joylardagi muammo va imkoniyatlarni mahalla darajasida oʻrganish, aholi bandligi va daromadini taʼminlash, tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha yangi ish tizimi joriy etilishi taʼkidlandi.
– Endi jamiyatimizda boshqacha yoʻnalish boʻladi – mahalla katta kuchga aylanadi. Agar mahalla raisi bilimli, fidoyi boʻlsa, kayfiyat ham, iqtisodiyot ham oʻzgaradi, – dedi davlatimiz rahbari.
Shu maqsadda viloyatga ishchi guruh yuborilgan, shahar va tumanlarga vazirlik, idora va tijorat banklari rahbarlari biriktirildi.
Mavjud 544 ta mahallaning har biri oʻrganilib, 333 tasi “qoniqarli”, 182 tasi “oʻrta” va 29 tasi “past” rivojlanish toifalariga ajratildi. Aholiga daromad manbai yaratish zaxiralari aniqlangan.
Davlatimiz rahbari ishsizlik muammosiga alohida toʻxtaldi. Yangi ish oʻrinlari ochish va oʻz-oʻzini band qiluvchilarga sharoit yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Oilaviy tadbirkorlik, yoshlar biznes loyihalariga 390 milliard soʻm imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilandi. Har bir tumanda bittadan kasb-hunar maktabi tanlab olinib, uning bazasida monomarkazlar tashkil etiladi, mahallabay oʻrganish natijasi oʻlaroq ishsizlar, yoshlar va ayollar talab yuqori kasblarga oʻrgatiladi.
Buxoro viloyatida 2021-2022-yillar uchun umumiy qiymati qariyb 19 trillion soʻm boʻlgan 713 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgan. Shundan 555 tasi bu yil amalga oshirilishi, 14 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan.
Xizmat koʻrsatish sohasi salohiyatini toʻliq ishga solish, jumaladan, ziyorat turizmini yanada rivojlantirish zarurligi taʼkidlandi. Jumladan, qadimiy “Gʻijduvon qoʻrgʻoni”ni qayta tiklab, ochiq osmon ostidagi muzey barpo etish, Vobkent tumanida “Shirin” qishlogʻini etnoturizm maskaniga aylantirish, Peshku tumanining Afshona qishlogʻida “Ibn Sino zamonasi” majmuasini tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi. Buxoro zardoʻzligi va zargarligi xalqaro festivalini oʻtkazish tashabbusi ilgari surildi.
Ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, yangi taʼlim va tibbiyot muassasalari tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Joriy yilda Buxoroda Prezident maktabi faoliyat boshlaydi. Matematika, axborot texnologiyalari, kimyo-biologiya va fizikaga ixtisoslashgan 16 ta maktab tashkil etiladi. Shuningdek, 18 ta maktabni rekonstruksiya qilish belgilangan.
– Yoshlarda juda koʻp gʻoya, intilish bor. Ularga sharoit yaratib, yelkadosh boʻlsak, ular juda katta kuch, qudrat, imkoniyat va kelajak egasi boʻladi, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Sessiyada infratuzilmani rivojlantirish, ichimlik suvi va oqova tarmogʻini yaxshilash, yoʻllar qurish va taʼmirlash boʻyicha ham vazifalar belgilandi.
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
Balandparvoz gaplar bilan iqtisodiyotni yuritib bo‘lmaydi - Shavkat Mirziyoyev
NAVOIY VILOYATIDA 2021-YILDA IJTIMOIY SOHADA QANDAY YIRIK LOYIHALAR AMALGA OSHIRILADI?
«OSHKORALIK VA SO‘Z ERKINLIGI — BU DAVR TALABI, BU O‘ZBEKISTONDAGI ISLOHOTLARNING TALABI»
"OSHKORALIK VA SO‘Z ERKINLIGI — BU DAVR TALABI, BU O‘ZBEKISTONDAGI ISLOHOTLARNING TALABI". SHAVKAT MIRZIYOYEV SO‘Z ERKINLIGI SOHASIDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN ISHLAR HAQIDA
Ilmiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun 500 mlrd soʻm ajratiladi
PREZIDENTIMIZ SHAVKAT MIRZIYOYEV QISHGA TAYYORGARLIKDA YO‘L QO‘YILGAN KAMCHILIKLARNI TANQID QILDI
Izohlar (0)