Ming so‘mliklar muomaladan chiqariladimi?
Bu haqda Markaziy bank masʼuli javob berdi.
Naqd pullarning holati, ulardan foydalanish bilan bog‘liq savollar ko‘pchilikni qiziqtiradi. Markaziy bankka ijtimoiy tarmoqlar va boshqa rasmiy aloqa kanallari orqali kelib tushgan savollarga Markaziy bankning Naqd pul muomalasi departamenti direktori Fazliddin Bozorov javob berdi.
Maʼlum qilinishicha, O‘zbekistonda yaqin orada 1000 so‘mlik nominaldagi banknotlar muomaladan chiqarilmaydi.
Uning taʼkidlashicha, 1000 so‘m nominal qiymatdagi banknot 2001 yilda muomalaga chiqarilgan va ularning aksariyat qismi uzoq vaqt davomida muomalada bo‘lgani sababli urinib qolgan.
“Buning asosiy sababini ushbu pullarning boshqa yirikroq nominaldagi banknotlarga nisbatan ko‘proq muomala jarayoniga kirishi, yaʼni qo‘ldan-qo‘lga o‘tishi faol bo‘lgani sababli tez eskirishi hamda shu holatda, banklarga kelib tushmasdan aholi qo‘lida uzoq muddat qolib ketishi bilan izohlash mumkin.
Bu qiymatdagi banknotlar hozirda ham bosib chiqarilmoqda va talabdan kelib chiqqan holda muomalaga kiritib borilmoqda. Biroq, bugungi kunda banknotlar muomalaga asosan bankomatlar orqali chiqarilayotgani va bankomatlardan asosan yirik nominaldagi banknotlar joylashtirilishi sababli 1000 so‘mlik banknotlar muomalada kamayib borayotgani haqiqat. Bu tabiiy jarayon bo‘lib, xuddi tovarlarga o‘xshab talab kamaysa, banknotlar ham muomaladan kamayib boradi.
“Bankomatlarga 1000 so‘mlik ham joylashtirilsa bo‘lmaydimi?” degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bo‘ladi. Lekin banknotlar sig‘imi cheklangani sababli ularni bir martalik to‘ldirish orqali imkon qadar ko‘proq aholiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lishi, yaʼni joylashtirilgan pul tez tugab qolmasligi uchun ko‘proq yirik qiymatdagi banknotlardan foydalaniladi. Naqd pullarni bevosita bank kassalaridan olganda, zarur hollarda bir qismini 1000 so‘mlik banknotlar sifatida olinishi maqsadga muvofiq”, deydi Markaziy bank departamenti direktori.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bank doimiy tarzda muomaladagi naqd pullar qatorini optimallashtirish, eskirganlarini muomaladan qaytarib olish va ularning o‘rniga yangi banknot hamda tangalarni muomalaga kiritib borish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.
“Yaqin orada 1000 so‘mlik nominaldagi banknotlarning muomaladan chiqarilishi ko‘zda tutilmagan”, dedi Fazliddin Bozorov.
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
Izohlar (0)