Pillachilikka pandemiya pisand emas
Har yili may oyi oxirida yoki iyun oyi boshlarida Muqaddas Anarqulovaning uyida bayram – pilla hosili yigʻiladi. Uning hovlisida qoʻshnilar, dugonalar, qarindoshlar jam boʻlishadi. Taxminan 30 kun uyqusiz va mashaqqatli mehnat – ipak qurtini boqish ishlari yakunlandi. Anarqulova kamida 80 kg pilla hosili olishiga ishonadi.
Muqaddas Anarqulova:
– Toshariq mahallasi Qishloq fuqarolar yigʻinidan Qorabaliq qishlogʻida (Toshkent viloyati) turaman. Bir quti pilla qurti oldik. Shundan 75-80 kg pilla olishni rejalashtiryapmiz.
– Bu yil pandemiya sharoitida pillachilik oldingilaridan farq qildimi?
– Qiyinchilik boʻlmadi. Sababi oʻzimizning tut koʻchatlarimiz bor. Oʻsha tut koʻchatlardan olib kelib barglarni soldik. Har yili qurt tutib kelyapmiz. Pilla boqish tajribam 5 yil boʻldi. Bu yil pillani 27 ming soʻmdan davlatga topshiramiz. Pilla tutishimning sababchisi Oʻgʻiloy opam boʻladi. Ular menga “Singlim, pilla tutib koʻr. Qanday boʻlarkan?” deb taklif berdi. Koʻp bilmagan narsalarimni Oʻgʻiloy opa koʻrsatib turdi. Qaysi payt tutay, qanaqa barg beray, deb qoʻngʻiroq qilib soʻrardim. Ular koʻrsatib, oʻrgatib turdi.
– Pilladan qancha daromad qilasiz?
– Bir karobkadan 2 mln. soʻm daromad olamiz. Uni qurilishlarga, dehqonchilikka ishlatamiz. Mana, 2 yildan beri qizimni repetitorda oʻqityapman. Oʻqishga kirishga tayyorgarlik koʻryapti.
– Pilla boqishda qanaqa qiyinchiliklar bor?
– Barg bergandan keyin koʻproq uyqusiga eʼtibor berish kerak ekan. Baʼzilari uxlagan boʻlarkan, baʼzilari qimirlab, barg yerkan. Bargni uyqudan toʻliq turganda berib, eʼtibor bilan yaxshi qaralsa, shunda yaxshi pilla berarkan. Shunda yaxshi natija boʻlarkan. Koʻproq mehr va eʼtibor berishingiz kerak ekan.
Agronom Oʻgʻiloy Imonova:
– Dastlab men 1973-yildan “Sanam” mahallasida Bolalar bogʻchasida tarbiyachi, 75-yildan sovxozda oddiy ishchi, ketmonchi boʻlib ishladim. Keyinchalik sohaga qiziqishim tufayli 2007-yil Toshkentga borib oʻqidim va pillachilik boʻyicha institutni sirtqi boʻlimini) bitirdim. Bugungi kunga qadar pensiyada boʻlsam ham hamon pillachilik bilan shugʻullanib kelmoqdaman. Pilla boqish boʻyicha 5 yillik tajribam bor. Bizning Ohangaron tumanmizda Oʻzbekiston hududida 179 ta fermer xoʻjaliklari va 52 kasanachi bor. Ularning barchasiga pilla tarqatganmiz.
Hozirgi kunda ipak qurtlarini boqish unchalik qiyin emas. Balki ipak qurtlari Xitoydan olinib kelinayotgani sabab boʻlsa kerak. Shuning uchun ipak qurtlarini boqishda avvalgidek qiyinchiliklar yoʻq. Biz ham oʻz navbatida 1 quti ipak qurtini qabul qilib oldik, undan 70-80 kg pilla moʻljallayapmiz”.
– Karantin davrining pillachilik faoliyatiningizga taʼsiri boʻldimi?
– Yoʻq, hech qanday qiyinchilik boʻlmadi. Tuman boʻyicha oʻtgan yili 100 tonna plan topshirilgan. Oʻzbekiston hududi bu miqdordan 35 tonnani oʻz ichiga oladi. Bu yil 36 tonna pilla topshirishni rejalashtirganmiz. Ipak qurtlari boqish uchun pillachilarga karobkalarda boʻlib beriladi. Har 1 korobkada 29 grammdan urugʻ solingan boʻladi. Topshirilgan pillalar oʻrta hisobda korobkasiga 65 kgdan toʻgʻri keladi. Yigʻilgan pilla saralanib, qabul punktiga topshiriladi. Birlamchi ishlov berilib, soʻngra u ipak toʻqish fabrikalariga yuboriladi, u yerda ipakdan mato ishlab chiqarish uchun iplar tayyorlanadi. Bitta pilladan oʻrtacha 800-1000 metr ipak ip ishlab chiqariladi.
Ipak ishlab chiqarish grammni taqsimlashdan boshlab va tayyor mahsulotlar chiqarilgunga qadar davlat nazorati ostida amalga oshiriladi.
Fermerlar davlat buyurtmasi va pilla topshirishning majburiy rejasini oladilar. Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda pilla ishlab chiqarishda 40 mingga yaqin dehqon xoʻjaliklari va oilalar ishtirok etmoqda.
Pillachilik: faktlar va raqamlar
2020-yil 4 mavsum mobaynida 403,5 ming quti ipak qurti parvarishlanib, 21,4 ming tonna pilla xomashyosi yetishtirildi. “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar soni 91 taga yetkazildi, shundan 11 tasi xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi qoʻshma korxonalardir. Olib borilgan ishlar natijasida 2020-yilda 76,5 million dollarlik ipak mahsulotlari eksport qilindi. 2021-yilda esa pillachilikda eksport hajmi yil yakunida 86,7 million AQSH dollariga yetishi kutilmoqda.
Oʻzbekistonda 2025-yilga borib pilla yetishtirish hajmini 30 ming tonnadan oshirish, urugʻchilik korxonalarida tut ipak qurtining mahalliy mahsuldor zot va duragay urugʻlari tayyorlashni 500,0 ming qutiga yetkazish nazarda tutilgan.
MDH mamlakatlari orasida ipak ishlab chiqarishda respublikaning ulushi 85 foizdan oshadi. Pilla yetishtirish boʻyicha Oʻzbekiston dunyoda Xitoy va Hindistondan keyin uchinchi oʻrinda turadi.
Oʻzbekistonda 2025-yilga borib pilla yetishtirish hajmini 30 ming tonnadan oshirish, urugʻchilik korxonalarida tut ipak qurtining mahalliy mahsuldor zot va duragay urugʻlari tayyorlashni 500,0 ming qutiga yetkazish nazarda tutilgan.
MDH mamlakatlari orasida ipak ishlab chiqarishda respublikaning ulushi 85 foizdan oshadi. Pilla yetishtirish boʻyicha Oʻzbekiston dunyoda Xitoy va Hindistondan keyin uchinchi oʻrinda turadi.
Oʻzbekiston Ipagi assotsiatsiyasining maʼlumotlariga koʻra, hozirgi kunda Oʻzbekistonda 36 ta yirik ipak fabrikalari mavjud boʻlib, ulardan 18 tasi ipakni qayta ishlash fabrikalari, yettitasi ipakni oʻrash fabrikalari va 5 tasi ipak toʻqish fabrikalarini tashkil etadi.
Temir Ismoilov
tayorladi
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
Izohlar (0)