Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida mehnat bozori
YEOIIning iqtisodiy potensiali haqida...
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot kotibi Ortiqxo‘ja Norovning telegram kanali ma’lumot berishicha, mazkur iqtisodiy ittifoq 183 million aholidan iborat yagona bozor hisoblanadi. YEOII hududida qazib olinayotgan neft dunyo “qora oltin”ining 14,2 foizini yoki yiliga 634,2 mln. tonnasini, tabiiy gaz esa 20,2 foizini yoki 744,7 mlrd. kub.m.ini tashkil etadi. Shuningdek, YEOIIda 1255,0 mlrd. Kvt. miqdordagi elektr energiyasi ishlab chiqariladi, bu jahon miqyosidagi ulushning qariyb 5 foiziga to‘g‘ri keladi.
Mehnat bozori
YEOIIda umumiy ishlab chiqarish o‘sib borayotgani bois, mazkur ittifoq hududida mehnat resurslariga, xususan mehnat migrantlariga bo‘lgan talab ham tobora kuchayib bormoqda. Jumladan, Yevro osiyo iqtisodiy komissiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, YEOIIga a’zo davlatlar iqtisodiy otiga o‘rtacha bir yilda jalb etilayotgan mehnat migrantlarining soni 1,8 mln. kishini (shundan 97,6 foizi Rossiyaga to‘g‘ri keladi) tashkil etadi.
YEOII hududida (asosan Rossiyada) ishlayotgan mehnat migrantlarining salmoqli qismi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan iborat. Boshqacha qilib aytganda, YEOIIdagi mehnat resurslariga bo‘lgan talabning ma’lum qismini O‘zbekiston ta’minlamoqda. Mazkur vaziyat O‘zbekiston hukumati oldiga qator vazifalarni qo‘ymoqda, xususan, ushbu davlatlarga ish izlab ketayotgan mehnat migrantlari uchun qulayliklar va yetarli sharoitlar yaratib berish, katta maosh to‘lanadigan ish o‘rinlariga joylashishlari uchun ularni mutaxassislik bo‘yicha tayyorlash, ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash va hokazolar.
YEOII davlatlarida, ayni vaqtda, 2,3 mln. nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarolari mehnat qilmoqda. Xususan, bu ko‘rsatkich Rossiyada 2 millionga yaqin, Qozog‘istonda — 300 ming, Qirg‘izistonda — 25 ming nafar o‘zbekistonliklarni tashkil etadi.
O‘zbekistonlik mehnat migrantlari duch kelayotgan bir qator muammo va to‘siqlar
Birinchi muammo – bu patent olish xarajatlarining yuqoriligi va tartib-tamoyillarning murakkabligi. Rossiyada mehnat qilayotgan fuqarolarimizning 30 foizidan ortig‘I ishlash va yashash uchun rasmiy ruxsatnoma (patent) olmagan holda ishlamoqda. Buning asosiy sabablaridan biri, bu patent olish xarajatlarining yuqoriligi va tartib-tamoyillarning murakkabligi hisoblanadi.
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston fuqarolari Rossiyada ishlash huquqini qo‘lga kiritish maqsadida ruxsatnoma olish uchun murojaat qiladigan bo‘lsa, ularga faqat 1 yil muddatga patent beriladi, xolos. Buning uchun esa, taxminan 500 AQSH dollari miqdoridagi to‘g‘ridan to‘g‘ri va bilvosita sarflanadigan mablag‘ kerak bo‘ladi.
Bundan tashqari, har oyda taxminan 50–125 AQSH dollari miqdoridagi majburiy to‘lovlar to‘lanishi va boshqa sarf-xarajatlar e’tiborga olinsa, har yili bir kishi 1700 AQSH dollarining bahridan o‘tishi kerak.
Qozog‘istonda esa, ruxsatnoma olish bilan bog‘liq xarajatlar yiliga 200-1000 dollarni tashkil etib, uni dastavval ish beruvchi to‘lab beradi, keyinchalik ishchi-migrantning oyligi hisobidan qoplab olinadi.
Ikkinchisi, kasb-hunarga oid taqiqlarning mavjudligi. O‘zbekistonlik migrantlarga dorixonalar, turg‘un bo‘lmagan chakana savdo shahobchalari va bozorlarda ishlash taqiqlanadi.
O‘zbekistonlik migrantlar ixtisoslashgan do‘konlarda alkogol va tamaki sotish kabi sohalarda ishlashi mumkin, ammo ular tashkilot xodimlari umumiy sonining 15 foizidan ko‘p bo‘lmasligi kerak. Sport sohasidami grantlar ko‘pi bilan 25 foiz, quruqlikdagi yo‘lovchi va yuk tashish transportida esa – korxona xodimlari sonining eng ko‘pi bilan 26 foizi bo‘lishi kerak.
Qishloq xo‘jaligi sohasida mazkur chegara 50 foizni, qurilish sohasida esa 80 foizni tashkil qiladi.
Shu va boshqa masalalar o‘zbekistonlik migrantlarning erkin mehnat faoliyatini olib borishlari uchun yetarli sharoit yaratish bo‘yicha mavjud imkoniyatlarni batafsil o‘rganib chiqish va keng tahlil qilish zarurligini keltirib chiqarmoqda. YEOIIdagi mehnat resurslariga bo‘lgan talabning salmoqli qismini O‘zbekiston fuqarolari ta’minlayotgan bir vaqtda, yuqoridagi qator muammolar o‘z yechimini topishi shart.
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
TURLI SOXTA HUJJATLAR BILAN CHEGARALARNI KESIB O‘TISHGA URINISH O‘ZBEKISTON VA ROSSIYA QONUNLARIGA KO‘RA, JINOIY JAVOBGARLIKKA TORTILISHGA SABAB BO‘LISHI MUMKIN
NUKUS SHAHRIDA YOʻLNI TOʻSIB QOʻYGAN AYOLLARNING 591 MLN SOʻMLIK TOʻLANMAGAN ISH HAQI BUGUN TOʻLIQ BERILADI
NAVOIY – FAXRIMSAN MENING!
MEHNATGA HAQ TO‘LASH BO‘YICHA QARZDORLIK ANIQLANDI
Balandparvoz gaplar bilan iqtisodiyotni yuritib bo‘lmaydi - Shavkat Mirziyoyev
KARMANALIK TADBIRKORGA 447 MILLION SO‘MDAN ORTIQ PUL MABLAG‘LARI UNDIRIB BERILDI
Izohlar (0)