YO‘LLARIMIZDAGI MANTIQSIZLIKKA QACHON CHEK QO‘YILADI?
Bugungi davrda har bir korxona va tashkilot o‘z faoliyatiga biror “innovatsion g‘oya”ni tatbiq etishni “xush ko‘radi”. Bu jarayon yaxshidir, ehtimol. Ammo agar o‘sha “g‘oya” deb aytilayotgan taklifdan rostdan ham biror naf bo‘lsa, albatta.
Navoiy viloyatida Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ana shunday “innovatsion g‘oya”ga “o‘ch” tashkilotlardan. Xususan, yo‘llarimizda dam-badam paydo bo‘layotgan “innovatsiya”lar bunga misol.
Yaqin oylardan boshlab Navoiy shahri va Karmana tumanidagi piyodalar o‘tish yo‘laklarida har ikki tomondan go‘yo harakatlanib kelayotgan turli insonlar, xususan o‘quvchilar suratlari paydo bo‘ldi! Ilk marotaba bu haydovchilarning hushyorligini oshirgani rostdir. Ammo bugungi kunda barcha biladiki, piyodalar o‘tish yo‘lagida suratlargina qo‘yilgan, xolos.
Bunday vaziyat, aslida hushyorlikni oshirish uchun ko‘rilgan chora — targ‘ibot teskari ta’sir ko‘rsatmaydimi? Ya’ni, haydovchi surat deb o‘ylagan vaqtda uzoqdan ko‘ringan qaqqayib turgan “sharpa” haqiqiy odam bo‘lsachi? Bu avtohalokatlarga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, Navoiy shahri va Karmana tumani hududidan o‘tuvchi Islom Karimov shoh ko‘chasi hamda “Navoiy” ko‘chalarida bir vaqtlar “Xavfsiz piyodalar yo‘lakchasi” qurilgan edi. Ayrim piyodalar yo‘lakchasi bo‘ylab nur qaytaruvchi vositalar hamda boshqa qo‘shimcha jihozlar ham o‘rnatilib chiqildi. Bugungi kunda esa mazkur “innovatsiya”lar bir yilga borar-bormas abgor holatda kelib qolganligini ham kuzatasiz.
Bu fikrlar bilan yuqorida nomi keltirilgan boshqarma faoliyatini yomonlashdan yiroqmiz. Faqatgina amaliyotga tatbiq etilayotgan har bir yangilik haqida chuqur o‘ylab, so‘ng uni amalga oshirish tarafdorimiz, xolos. Zero, har bir yangilikning amalga oshirilishi mablag‘ga — davlat byudjetiga borib taqaladi.
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
“AVTOAVARIYA”LARNI ASOSAN YOSH HAYDOVCHILAR SODIR ETMOQDA
Ilmiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun 500 mlrd soʻm ajratiladi
“Professori shunday bo‘lsa, talabasi qanday bo‘larkin?”
Navoiy viloyatida 2ta mahalliylashtirish loyihalari ishga tushiriladi
NAVOIY VILOYATIDAGI MAHALLIY HOKIMLIKLAR AYRIM QARORLARI BEKOR QILINAYOTGANLIGINING ASOSIY SABABI OCHIQLANDI
Geroin tarixi
Izohlar (0)