OILAVIY SHAROITIMDAN KELIB CHIQIB HISOBLASAK, KREDIT TO‘LASHGA IMKONIYATIMIZ BO‘LMAS EKAN
“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Navoiy viloyat bo‘limi tomonidan viloyat tumanlarida “Tadbirkorlik faoliyatiga xotin-qizlarni jalb etish” mavzusida turkum tadbirlar o‘tkazilib borilmoqda. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan ayollar bilan o‘tkazilgan mazkur uchrashuvda o‘z biznesini tashkil etishda zarur maslahatlar berildi, xotin-qizlar ham o‘z muammolarini o‘rtoqlashdi, deb xabar beradi “Tadbirkor ayol” Navoiy viloyat bo‘limi matbuot xizmati.
- Biznes g‘oyalarini tayyorlashda konsultativ yordam berish, shu jumladan, loyiha biznes-rejasini tayyorlash xotin-qizlarimizga ko‘maklashib kelyapmiz, deydi “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Navoiy viloyat bo‘limi rahbari Gulchehra Berdieva.
- 4 gektar yerga bog‘dorchilik bilan shug‘ullanamiz.Uzum, olmadan yaxshi daromad qilamiz. Bog‘dorchilik bilan oilaviy shug‘ullanamiz, baliq ham yetishtiramiz, deydi seminar ishtirokchisi, Qiziltepa tumani Gulbog‘ MFYda yashovchi Zarifa Sharipova.
Tadbir ishtirokchisi tadbirkor Feruza Adilova o‘z faoliyati davomida uchrayotgan muammolar to‘g‘risida gapirdi:
- Tadbirkorligimni kengaytirish uchun kredit so‘radim. Kreditlar foizi juda katta. Oilamiz sharoitidan kelib chiqib hisoblasak, kredit to‘lashga imkoniyatimiz bo‘lmas ekan. Kam foizli kreditlar ajratilishini istar edik.
Assotsiatsiya tomonidan o‘tkazilayotgan seminarlar ayollar tadbirkorligini boshlashga katta imkoniyatlar boshlab berdi.