Bagʻishlov
Onajonim xotirasiga
Qanchalar nochorman, qanchalar gʻarib,
Bemavrid ayriliq tashladi ezib.
Sogʻinchlar qalbimni oʻrtasalar-da,
Topmayman onamni dunyoni kezib.
Dil xira, ozorda, koʻngil toʻla mung.
Goʻyoki zulmatda qolgandek olam.
Koʻzimga koʻrinar, koʻzimni yumsam,
Roʻmoli boshidan tushmagan onam.
Kuzakning bargiday uzildi, ketdi,
Tilimda qismatning achchiq nolasi.
Soʻnggi bor koʻngliga yoʻl topdim qachon,
Shunchalar beburdmi inson bolasi?
Koʻzlarim maʼnosiz, yuzlarim nursiz,
Yigʼlayverib qoldim bir tomchi yoshsiz.
Men qandoq yashaymn endi Onajon,
Siz yurgan yoʻlakdan qaytdim bardoshsiz.
Oh chekar, iztirob zanjirida qalb,
Dard bilan koʻksimda sargʻayar armon.
Bir pasda qanotsiz qushga aylandim,
Sizga oʻxsholmayman, axir Onajon!
Qismat qamchisiga kiftimni tutib,
Har bir soʻzingizni eslab turaman.
Bizga ibrat boʻlgan umringiz uchun,
Ruhingiz oldida taʼzim qilaman.
Tuproq qizgʻanma
Boʻlsin senga bari barisi,
Muazzam tong, omad bahorlar.
Yuragimni toʻldirib ketdi,
Koʻylagimdan ketgan ohorlar.
Talashmayman sen bilan dunyo,
Hovuchingga jonim tutaman.
Bir kun oʻtsam zarra oʻzgarmay,
Shu holimcha shunday oʻtaman.
Kengliklarga qulochin yozgan,
Osmonlaring kerakmas menga.
Bir parcha yer, ber siqim tuproq,
Umrim boʻyi sigʻar koʻnglimga.
Oʻsha damda bitta iltimos,
Guyoʻ menga achingin xolos.
Qabrim uzra yigʻlab doʻstga xos,
Bir kaftgina tuproq qizgʻanma.
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
Izohlar (0)