Gʻazal
Alisher Navoiy
Ishq ila boʻldum masal, savdo bila afsona ham,
Shukrlillohkim, yana oshiqmenu devona ham.
To unutdi oshnoligʻ rasmin ul begonavash,
Oshno yigʻlar mening holim koʻrub, begona ham.
Gʻam tuni mendurmen ohu ashkdin shamʼim oʻchub,
Boshima yemrulgali turmish buzugʻ koshona ham.
Elga mehring bor, buzuq koʻnglumga ham bir zarra boq
Kim, quyoshning tobidin mahrum emas vayrona ham.
Ey malohat shamʼi har soat meni kuydurmakim,
Koʻp yorumas shamʼ agarchi oʻrtanur parvona ham.
Yoʻq, bu dayr ichra berur jomi ajal taʼmini may
Kim, erur paymona toʻlmoqdin nishon paymona ham.
Ey Navoiy, gar desang, ul turfa qushni sayd etay,
Rishtayi jismingni dom et, koʻz yoshingni dona ham.
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
Izohlar (0)