YETTINCHI OSMON
Qarang, har nuqtada asli hikmat bor,
Mantiqsizlik turar mantiqni oʻrab.
Topganin doʻxtirga tutadi bemor,
Umrini toʻrt-besh kun choʻzmoqni soʻrab...
Darvoqe, koʻz yumib boʻlmas shu hayotiy haqiqatni oʻzining benazir satrlariga soʻzmunchoqdek tizgan shoirning tafakkur mahsuli siz, aziz oʻquvchini ham bir zum boʻlsada oʻyga toldirib, mushohada yuritishga undagan boʻlsa ne ajab.
Gʻolib magʻrur yurar u yoqdan, bu yoq,
Ming yilki boʻlmagan ishni boʻldirdi.
Raqibiga pichoq sanchmadi, biroq,
Koʻklarga koʻtarib, maqtab oʻldirdi.
Yodingizga tushdimi, sizning ham ayrim “doʻst”laringiz maqtab oʻldirgani...Shoir sizning ham dardingizni yozganga oʻxshaydi-yov. Shoirlikning yuki ogʻir. Odamlar dardini, elning gʻam-gʻussasini yurak hovuchlab olib yurib, faqat ilhom kelgandagina qogʻozga toʻkishi bu yuksak ilohiy sanat. Yuqoridagi oʻtli satrlar muallifi qiziqtirayaptimi?! Birozgina shoshmang.
Muhabbat - bu bahorda,
Ochilgan ilk loladir.
Muhabbat - bu har dilda,
Ingrayotgan noladir.
Xoʻsh, qalbingizga bir quloq tutib koʻringchi. Shoirning bu bitiklari rostmi, yolgʻonmi?! Odatda, misralar koʻrki sheʼr sanʼatlari bilan tasniflanadi. Muhabbat tuygʻusiga bundan ortiq taʼrif va bundan ortiq tashbeh boʻlmasa kerak, nazarimda. Men bugun siz, aziz oʻquvchilarning ichingizni qizdirib isteʼdodli shoir, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Ruslan Saburovning qalbini, qalbi ichra dardini tarjima qilishni ixtiyor etdim. Ruslan Saburov shunchaki dunyoga kelgan emas. Shunchaki yashamaydi ham. Uning qismatida shoirlik imtiyozi bor. Bu imtiyozni oqlash va saqlash Ruslanbekning qoʻlidan keladi.
...Hatto tabiat ham “Uydan chiqma” der,
Buyuk Yaratganning oʻzi shifokor.
Niqob taqib olgan xastalangan Yer,
Unga darmon boʻlib yogʻayapti qor.
Koronavirus pandemiyasi butun dunyoni tashvishga solganidan xabardorsiz. Ruslan esa turfa irq, turfa millat va xalqlar qaygʻusini, bir soʻz bilan aytganda, Olam va Odam dardini chiroyli badiiy ifoda, zalvorli falsafa bilan bayon etganki, beixtiyor shoirning noyob iqtidoriga qoyil qolmay ilojing yoʻq. Endi shoirning “Shaxmat” nomli bayoziga eʼtibor qarating.
Zoʻr boʻlsada dushmaning, ortga
Qochgan emas, kurashgan marddir.
Shaxmat asli oʻxshar hayotga,
Olmoq uchun bermogʻing shartdir.
Bu shoirning falsafasi emas, hayotning falsafasi. Hamma gap badiiy va mantiqiy ifoda-da. Shunday emasmi?! Nega odamlar tashvish cheksa, gʻam cheksa yaxshi sheʼr, yaxshi roman oʻqib, yaxshi qoʻshiq tinglagan holda, darddan forigʻ boʻladi? Muallif esa yaxshi asar yaratsa, yarata olsa onasidan qayta tugʻiladi, goʻyo. Bu esa adabiyotda ilohiy poklanish degani. Adabiyot yolgʻonni xush koʻrmaydi. Ayrimlar bor ogʻzini toʻldirib, shoirlikni davo qilmayman, sheʼr yozish yaxshi koʻrgan xobbim, deyishadi. Bekor gap. Alisher Navoiy bobomiz taʼbirlari bilan aytganda:
Emas oson bu maydon ichra turmoq,
Nizomiy panjasiga panja urmoq.
Chindan ham shunday. Sheʼr yozilmaydi, yurakda tugʻiladi. Yana aytaman, adabiyot tuygʻular bozori emas. Maʼnaviyat xazinasi. Ham botiniy, ham zoxiriy ishq. Bu maʼnaviy xazinadan yillab, yigʻlab, misqollab duru javohir terib xalqqa taqdim etish shoirdan katta bilim, maʼnaviy jasorat, yuksak isteʼdod talab etadi. Men taʼkidlagan ayni jihatlar asarning mukammalligini bezaydi. Bugun Ruslanbekning yoshi, yoshiga xos sheʼrlarining mazmun-mundarijasi, badiiy saviyasi ancha-muncha ulgʻayganini, ulgʻayayotganini koʻrib, kuzatib oddiy bir oʻquvchi sifatida ich-ichimdan xursand boʻlaman.
Ayrim ashʼorlarining birinchi oʻquvchisi sifatida baho bergan joylarim ham bor. Ruslan Saburov bugun ijodiy kamolot ostonasida. Men sheʼrni shunday tushunaman: Boʻgʻzingdan vulqondek otilib chiqqan Soʻz, dilbar bayting oʻquvchini muvozanatdan chiqarib yuborsa, demak marra seniki. Keyingi paytlarda Ruslan Saburovning baʼzi bir satrlari aynan meni xuddi shunday oʻziga rom etgani rost.
Yuqoridagi satrlar ham fikrimga shohidlik beradi. Shuningdek, “Meni bugun seving”, “Tergov”, “Qorasoch momo”, “Zamonaviy tragediya” singari ajabtovur sheʼrlari ham oʻquvchini befarq qoldirmaydi.
Yettinchi osmon...Shoir zotiga ilhom parilari yettinchi osmondan tushadi. Shoir zoti har gal yurakdan tugʻilgan sheʼriga soʻnggi nuqta qoʻyganida shirin iztirob zavqi uni yettinchi osmon bagʻriga olib ketadi. Zamin va yettinchi osmon oraligʻidagi ovvoralik shoir uchun berilgan ilohiy va bebaho neʼmatdir.Ruslan Saburov ham ana shu oraliqda sheʼr sehri, soʻz mehri bilan yashamoqda.
Boboqand UMAROV,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir.
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
Shavkat Mirziyoyev: “jurnalistlar mening quroldoshlarim”
“Seni yomonlikka boshlagan kishi dushmaningdir”
Bulungʻurda konservadan zaharlangan shaxs vafot etdi, yana bir bemor esa ogʻir ahvolda
Yangi yildan “bir sud – bir instansiya” tamoyiliga amal qilinadi
Maktab oʻquvchisi pichoq bilan taksi haydovchisiga hujum qildi
“QILICH OTA” HAQIDA RIVOYAT
Izohlar (0)