Yurist hikoyasi
Eng taʼsirli “dars”
Kamina jinoyat ishlariga ixtisoslashganim sababli himoyam ostida boʻlgan iqtisodiyot, xoʻjalik va boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan va Toshturmada, qonun tili bilan aytganda esa 1-sonli tergov hibsxonasida saqlanayotgan (saqlangan) insonlar bilan tez-tez uchrashib turaman.
Gap hisbxonadagi sharoit haqida borganda, suhbatdoshlar koʻp eʼtiroz bildirishadi: aksariyati tergov hibsxonasi ovqatlari sifatidan qoniqmay, uyidan keltirilgan oziq-ovqatlar bilan ammalab turishini bildiradi; yana birlari haftada bir kungina kitob berilishidan, beriladigan kitoblarning esa ayrim varaqlari yirtilganligidan norozi (tasavvur qiling, bir kitobni oʻqishni boshladingiz, endi qiziq joyiga kelsanganda esa varaqlar yoʻq...); yana kimlarningdir qandli diabet yoki yurak xastaliklari bor, parxez taomlar, muntazam malakali mutaxassis koʻrigi yoki maxsus dori-darmon va muolajalar, kerak...
Albatta, hibsxona “kurort” emas deb aytishingiz mumkin. Lekin bu yerda gap tergov hibsxonasi - aybi sud tomonidan tasdiqlanmagan insonlar haqida ketmoqda. Zero, aybsizlik prezumsiyasi bevosita Konstitutsiyada belgilangan. Maʼlumki, dastlabki tergovda ayblov ilgari surilgan insonlar har doim ham aybdor emas. Yana sir emas-ki, odatda ayrim nopok tergovchilar gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchilarga gʻayriqonuniy tazyiq oʻtkazish uchun ham qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash payida boʻladilar.Oliy sud maʼlumotlariga qaraganda, soʻnggi 3 yilda sudlar 1989 nafar fuqaroga oqlov hukmini chiqargan va 2585 nafar fuqaro sud zalidan qamoqdan ozod qilingan. Kim uchundir bu oddiy statistika boʻlishi mumkin, aslida esa har bir son orqasida nafaqat jinoiy taʼqidga uchragan inson, balki uning oilasi va yaqinlari taqdiri yotibdi...
T
ergov hibsxonalaridagi sharoit hozirgi karantin va cheklovlar davrida ayniqsa dolzarb desam mubolagʻa boʻlmaydi. Koʻpchiligimiz, uyda qolib vaqtimizni qanday chogʻ oʻtkazishlikning “dard”iga tushganmiz. Lekin, hibsxonadagilar qanday sharoitda oʻtirganliklari haqida xabar ham yoʻq, chunki oʻrnatilgan tartibga koʻra, aloqalar uzilgan, uchrashuvlar bekor boʻlgan....
Yurtimiz boshiga shunday ogʻir sinov tushgan kunlarda hibsxonalarda saqlanayotganlarga insonparvarlik koʻrsatishimiz, chunonchi jamiyat uchun xavf tugʻdirmaydigan insonlarga qamoq bilan bogʻliq boʻlmagan ehtiyot chorasi qoʻllashimiz toʻgʻriroq boʻlmaydimi?! Ularni qamoqda saqlash uchun ishlatayotgan xodim va resurslarni samaraliroq ishlatish maqsadga muvofiq emasmi?!
Albatta, jinoyat uchun jazo muqarrar. Lekin pirovard maqsadidimiz jazolash emas, balki insonni tarbiyalash, toʻgʻri yoʻlga qaytarishdir. Shunday vaziyatda insonparvarlik prinsipini namoyon qilish esa eng taʼsirli “dars” boʻladi, deb hisoblayman.
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
Izohlar (0)