USTOZGA KOʻTARILGAN QOʻL
(Boʻlgan voqea)
Namanganning Kosonsoyida bir sinfdagi oʻquvchilar bir toʻda guruh boʻlib, oʻqituvchisini kaltaklagani tushirilgan video tarqaldi.
...2012-yil soliq kollejida direktor edim. Katta kurs kursantlarni yakshanba kuni Yangiyoʻl tumaniga kunlik paxta terimiga hasharga olib bordik. Dalani aylanib yursam, bolalarni toʻdalashib yugurganiga koʻzim tushdi. Oʻsha yerga men ham chopib bordim. Borib qarasam, ikkita 3-kurs kursant 70 yoshga kirgan general unvonidagi domlani uribdi, yana uni kamiga tepishgan. Domlani labi yorilgan. Bolalar yugurib borib, ularni ajratibdi. Darhol oʻsha yerdagi navbatchi militsiyaga bayonnoma va bildirgi yozdirib, ishni sudga oshirdim.
Ertasiga bolalarning otalari kelishdi. Xudoni zorini qilishdi, sudlanmasin, shuncha oʻqigani bir pul boʻladi, deb yalinishdi. Bolalar ham yigʻlab, kechirim soʻrashdi. Sababi, uchastka militsiya noziri, agar direktor arizasini qaytib olsa, ish sudga oshmaydi, kelishinglar, - debdi. Men:
- Agar ikkita bola oʻzaro mushtlashsa mayli edi, yarashtirardik, bular ustoziga qoʻl koʻtardi. Domlalarni orasida ham soʻkadigani, uradigani bor, agar oʻshalar boʻlgandayam mayli edi. Soʻrang-chi, shu domla birorta bolani soʻkish tugul, san deb gapirgan ekanmi? - dedim. Domla haqiqatan hokisor, kamtar va xushxulq inson edi. Shundayam general ustoz mening oldimga kirib: - Kechira qolaylik, - deydi.
Koʻzini koʻkargani ketmagan, labini shishgani ham. “Yoʻq!”, - deb turib oldim. Sudda aybdorlardan jarima undirish haqida hukm chiqarildi. General domla keyin nafaqaga ketib qoldilar.
Oradan 6 yil oʻtib, ishxonamda oʻtirsam, yordamchim sobiq bitiruvchilardan biri kirmoqchi ekanligini aytdi. Men bilan Oliy majlis deputati va yana bir senator oʻtiruvdi. Konstitutsiya kuniga bagʻishlangan tadbir haqida maslahatlashayotgan edik. Tadbirdan keyin kirsin deb, tadbirga chiqib ketdim.
Boʻshaganimdan soʻng, uni chaqirtirdim. Shunda oʻrinbosarim Mavlon aka:
- U ketdi. Oʻqishni tamomlab, Rossiyaga borib ishlabdi. Yogʻoch tilish sexida. Shunda 4 ta barmogʻini stanok yamlab ketibdi. Bir qoʻlida 4 ta barmogʻi yoʻq, nogiron boʻlib qolibdi. Kecha 3-guruh nogironligini 2-guruhga oʻtkazish uchun hujjat topshiribdi. Oʻshanda dalada: “Domlani urgan qoʻllaring sinib, nogiron boʻlib qolgin”, - deb qargʻagan ekansiz. Oʻshanda qilgan qilmishidan pushaymon. Domladan kechirim soʻrashdan avval sizdanam soʻray, deb kelgan ekan. Ketib qoldi, boshqa kuni kelarkan, - dedi.
Badanimdan muzday ter chiqdi... Alloh uchun uni kechirdim, dedim.
Xech qachon ustozni ogʻrintirib boʻlmaydi...
Baxriddin ACROR.
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
Izohlar (0)