Oʻzbekistondagi tibbiyot xodimlari pandemiya bilan qanday kurashmoqdalar?
Oʻzbekistondagi tibbiyot xodimlari nazarida 2020-yil Sovid-19 pandemiyasi soyasida oʻtdi.
15-mart, soat 6.00. Virusologiya Instituti laboratoriyasida Fransiyadan qaytgan Oʻzbekiston fuqarosida ilk bor Covid-19 koronavirusi aniqlandi.
Shu kuniyoq Covid-19 virusini Oʻzbekistonga olib kirilishi va tarqalishi boʻyicha Respublika Maxsus Komissiyasi rahbari, bosh vazir Abdulla Aripov Oʻzbekiston boshqa davlatlar bilan har qanday aloqalarni toʻxtashini eʼlon qildi. Davlat tashkilotlaridagi ommaviy tadbirlar va yigʻilishlar bekor qilindi. Oʻquv muassasalari masofadan turib oʻqitilish tizimiga oʻtkazildi. Tibbiy niqoblar ishlab chiqarish 10 barobarga oshirildi. Shu daqiqadan boshlab Oʻzbekistondagi barcha tibbiyot xodimlari epidemiyani nazorat qilishga safarbar qilindi.
14-MART 2021-YIL HOLATIGA KOʻRA DUNYO BOʻYICHA virus bilan kasallanganlar soni 119 million 281 kishini tashkil etdi, shu bilan birga ushbu virusdan 2 million 653 ming 641 kishi vafot etdi. Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda 14-mart kuni koronavirus yuqtirib olganlar soni 111 kishini, oʻtgan yilning 15-mart kunidan buyon esa kasallanganlarning umumiy soni 80678 kishini tashkil etdi, koronavirusdan tuzalganlar soni esa rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 79331 kishidan iborat boʻldi. Hozirgi paytda koronavirusdan davolanayotganlar soni 725 nafar, ulardan 141 nafarining ahvoli ogʻir, 23 bemor esa oʻta ogʻir ahvolda.
Oʻzbekiston Respublikasida shifokorlarning umumiy soni 84,1ming kishini tashkil etadi, ulardan 51,4 foizi (43,2 ming) ayollar va 48,6 foizi (40,9 ming) erkaklardir. Erkak va ayol shifokor-mutaxassislarning asosiy qismi Toshkent shahrida kuzatiladi, qiyosan – 6842 ta erkaklar va 12325 ta ayollar.
2020-yilning iyul oyida Covid-19 ga qarshi kurash shtabi aʼzosi professor Xabibullo Oqilovning soʻzlariga koʻra, “Oʻzbekistonda 540 nafardan ziyod tibbiyot xodimlari koronavirus infeksiyasini yuqtirib oldilar. Ulardan 2 kishi Covid-19 tufayli vafot etgani rasman qayd etildi”.
Toshkentlik shifokor gastroenterolog Gulnora Imomnazarova koronavirusdan vafot etgan tibbiyot xodimlariga oid shaxsiy roʻyxatini tuzib chiqdi. Bu roʻyxatda 42 nafar tibbiyot xodimlarining nomlari bor.
2020-yil 3-sentyabrda Amnesty International tadqiqot natijalarini eʼlon qilib, dunyo boʻyicha pandemiya tufayli vafot etgan tibbiyot xodimlarining soni 7 mingdan ortiq ekanini eʼtirof etdi. Ushbu tadqiqotda ishtirok etgan 63 mamlakat va mintaqalarning deyarli barchasida pandemiyaga qarshi kurashgan tibbiyot xodimlari shaxsiy himoya vositalari bilan yetarlicha taʼminlanmagani aniqlangan. Sentyabr oyida oʻtkazilgan soʻrovnomaga koʻra, birgina Meksikaning oʻzida taxminan 1320 ta tibbiyot xodimlari vafot etgan.
Pandemiya davrida kasallanish va oʻlim holatlari eng yuqori boʻlgan AQSHda 1077 nafar, Braziliyada esa 634ta tibbiyot xodimlari qurbon boʻldilar. Amnesty International.
maʼlumotiga koʻra, Janubiy Afrikada 240 nafar, Xindistonda esa 573 nafar tibbiyot xodimlari dunyodan koʻz yumgan.
Hamshiraning hikoyasi
Men – Shoxida Matfozilova, 1974-yilda tugʻilganman. Tibbiyot hamshirasi sifatida umumiy ish stajim – 20 yil. Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida yashayman va ishlayman.
Men Oʻrtasaroy (Toshkent viloyati)dagi karantin markazida 14 kun ishladim. Soʻngra yuqumli kasalliklar shifoxonasida ham ishladim. Kovid markazida ishlaganimning bir necha sabablari bor. Asosiy sababi: Kovid jarayonining qanday kechishini oʻz koʻzim bilan koʻrmoqchi boʻldim. Kasallik simptomlari va albatta moddiy jihati ham menga qiziq tuyildi.
Bir vaqtning oʻzida ham qoʻrqdim, ham qoʻrqmadim. Kovid markazida Rentgen tasviri bilan shugʻullandim. Ertalab soat 8:00 dan 17:00 gacha ishladim. Ertalab kiyinib, keyin bemorlarni rentgenga tushira boshlardim.
Birinchi oʻlimni koʻrganimda toʻgʻrisi ozroq shokka tushdim. Aslida biz tibbiyot xodimlari uchun oʻlim kutilmagan holat emas. Shunga qaramaslan baribir biroz qoʻrqdim. Chunki bugun bor inson ertaga yoʻq boʻlib qolishi…
Bemorlarning ruhi tushib ketgandi. Ularda juda kuchli qoʻrquv bor edi. Biz ularga “Yoʻq, oʻzingizni qoʻlga oling. Bu kasallik bilan koʻpchilik kasallanyapti, keyin tuzalib ketyapti”, deb dalda berardik. “Sogʻligʻingizni, sizni kutayotgan insonlarni oʻylang”, deb shu tarzda suhbat olib borardik. Ularning ruhiyatiga yaxshi taʼsir koʻrsatishi uchun” Siz hech ham xavotir olmang, bu tuzalmaydigan kasal emas. Tuzalib ketasiz”, derdik.
Oʻzim Koronavirus kasalligi bilan kasallandimmi, yoʻqmi, buni aniq ayta olmayman. Chunki topshirgan testlarimning hammasi manfiy chiqdi. Test topshirgan vaqtimda kasallangandim, deb ayta olmayman. Kasallik simptomlari boʻldi, lekin sezilarli darajada emas. Bu narsadan hayot juda qisqaligini angladim.
Asosiy men uchun saboq boʻlgan narsa yaqinlarimizning qadriga yetishimiz kerak ekan. Ayniqsa, ota- onalarimizni. Uyga qaytib, onajonimning qadrini bildim. “Onajonim, baxtimizga omon boʻling,” dedim.
Kovid markazida ishlaganimdan keyin hayotga boshqacha qaraydigan boʻldim. Arzimagan narsalarga eʼtibor bermaslik kerakligini, eng qimmatlisi hayot ekanini oʻrgandim. Hayot juda ham goʻzal va bebaho ekanligi bildim. Hozirda bolalar shifoxonasida rentgenda boʻlimida ishlayapman. Hayotim oldingidek. Faqat hayotga qarashlarim oʻzgardi.
Men oldinlari hech yigʻlamasdim
COVID – 19 kasallarini davolagan, keyinchalik oʻzi ham kasallikka chalingan Nodira Sultonovaning boshidan kechirganlari (Shifokorni ismi uzgartirilgan oʻzini hohishiga koʻra)Men 26 yildirki, Andijon shahridagi shahar kasalxonasida ishlayman. Vrach-kardiologman. Karantin boshlangandan soʻng bizning kasalxona Kovid-markazga aylantirildi va biz 3 oy ishlamadik. Soʻngra men va boshqa xamkasblarim ham kovid-markazda ishlashga qaror qildik. Birinchidan, bizga pul kerak edi. Oilam katta va albatta shunga yarasha xarajatlar ham katta boʻladi. Mening 2 oʻgʻlim va 2 kelinim, 4ta nabiram bor. Erim 4 yil avval avtoxalokatda vafot etgan va shundan beri barcha iqtisodiy xarajatlar mening boʻynimda qolgan.
Oʻgʻillarim ikkisi ham magistraturada oʻqishadi. Bir kelinim men bilan birga ishlaydi, ikkinchisi esa – uy bekasi. Shunaqa. Ikkinchidan esa, oʻzim 26 yil mehnat qilgan kasalxonada ishlagim keldi. Oʻylab qaralsa, bu mening ham kasalxonam, hozir tumanlardan kelgan qandaydir shifokorlar kelib, koronavirus kasallariga qarashyapti.
Toʻgʻrisini aytsam, markazga kirish oson boʻlmadi. Chunki u yerda ishlash istagini bildirganlar nihoyatda koʻp edi. Navbat joriy qilingan. Roʻyxatni vrachlarning mutaxassisligiga binoan tuzishdi.
Nihoyat, 1-avgust kuni ilk bor Kovid-markazga kirdim. Qoʻrqinch bor edi, albatta. Men koronavirus yuqtirib olishdan qoʻrqdim. Kasallar koʻp edi. Biz sutkasiga 15-16 soatdan ishladik. Shundoq polda yoki stullarda uxladik. Chunki biz shifokorlar uchun alohida xona ham, krovat ham yoʻq edi. Markazda boʻlish oʻlimdan battar tuyulgan. Biz tushda yurgan kabi ishladik 15 kun.
Kun tartibi bir xil emasdi. Men vrach-kardiolog sifatida doim qabulxonada ishladim. Biz bu yerda 4 xil mutaxassislikdagi vrachlar ishladik. Soat 6.00 da ish joyimda boʻlardim. Soat 9.00lar atrofida nonushtaga borardim, bu paytda mening oʻrnimda boshqa shifokor ishlab turardi. Soʻng baʼzan soat 13.00 ga qadar palatalarga kirib koʻrik oʻtkazardim. Tushlikdan soʻng soat 18.00 ga qadar yana qabulxonada ishlardim. Agar bu paytda kasallar koʻp boʻlsa, kechki ovqat boʻlmasdi. Soat 22.00 yoki yarim tunda bir necha soat uxlab olish mumkin edi.
Bizning yaqinlarimiz, farzandlarimiz bizga ovqat keltirishardi. Chunki kasalxona ovqati bilan biz uzoqqa bormagan boʻlardik. Bu yerdagi ovqat juda yomon edi, bizga esa kuchli boʻlish zarur edi. Birinchi bor koronavirus qurbonini koʻrganimda yigʻlab yuborganman. U yoshgina ayol edi. Uni men va yana bir shifokor davoladik. U xomilador edi. Men u bilan doimo suxbatlashardim, uni koʻnglini koʻtarardim. Unga, agar qiz farzand koʻrsa, uning ismini mening sharafimga Nodira deb atashini aytardim. “Axir men uni qutqarish uchun shuncha harakat qilyapman!” deb xazillashardim. Lekin u vafot etdi va men 3 kungacha yigʻlab yurdim. Men bunga qadar boʻlimimizda oʻlim boʻlsa hech yigʻlamasdim. Bu voqea menda ilk bora sodir boʻldi.
Nihoyat kovid-markazdan chiqdik va bizlarni karantin zonaga olishdi. Ammo men koronavirus yuqtirib olgan ekanman va meni yana oʻsha – oʻzim ishlagan kovid-markazga olib borishdi – bu safar koronavirus bemori sifatida. Mening ahvolim ogʻir edi. Men nafas olishga juda qiynalardim.Oradan 10 kun oʻtib u yerdan chiqdim. Shundan soʻng menda nimadir oʻzgardi, fikrlashimmi yo hayotimmi. Endi kasalxonada biror bemor vafot etsa, yosh boladek yigʻlaydigan, koʻz yoshlarimni toʻxtata olmaydigan boʻlib qoldim. Koʻnglim boʻshashgandek. Oʻgʻlim shunday deydi. Hozir ham shu yerda ishlayapman. Kasalxonamiz yana avvalgidek, shahar boʻlimiga aylandi.
Shoyira Nusratova tayorladi
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
COVID-19ga qarshi emlashdan bosh tortdi
Mart oyida koronavirusga qarshi emlanadiganlar soni ma’lum qilindi
Oʻzbekistondagi 5476 ta koʻprik va yoʻl oʻtkazgichlar taʼmirtalab holga kelib qolgan
1-apreldan boshlab Toshkent shahrida ommaviy tadbirlarni vaqtincha toʻxtatish boʻyicha taklif berildi
JORIY YILNING 25-DEKABRDAN O‘ZBEKISTONGA KIRIB KELISH PULLI BO‘LADI. SABABI …
Jizzaxda koronavirus testlarini hujjatsiz sotayotgan shaxsga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatildi
Izohlar (0)