Yangi yildan “bir sud – bir instansiya” tamoyiliga amal qilinadi
Yangi yildan “bir sud – bir instansiya” tamoyiliga amal qilinadi, bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlari qisqartiriladi, xalqaro standartlarga mos ravishda uch bosqichli sud tizimi yaratiladi, deb xabar beradi Oliy sud rasmiy kanali.
Yaʼni, birinchi instansiya – tuman (shahar) sudlari, ayrim toifadagi murakkab ishlar boʻyicha – viloyat sudlari, apellyatsiya instansiyasi – viloyat darajasidagi sudlar, kassatsiya instansiyasi – Oliy suddan iborat boʻladi.
Endilikda yangi yildan, viloyatlarda jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy sudlar asosida yagona umumyurisdiksiya sudlari tashkil etiladi. Bu oʻrinda viloyat darajasidagi 3 ta sud bitta sud sifatida birlashtiriladi.
Shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning eʼtiroziga sabab boʻlayotgan, odil sudlovga xos boʻlmagan ishlarni nazorat tartibida koʻrish amaliyoti bekor qilinadi.
Kelgusi yildan sud muhokamasiga qadar sudda ishlarni dastlabki eshitish amaliyoti yangi tartib sifatida joriy etiladi.
Bunda ishni toʻxtatish yoki tugatishga asos yetarli boʻlsa, sud ishni avvalgiday tergov yoki prokurorga qaytarmasdan, oʻzining yakuniy qarorini qabul qiladi.
Yana bir muhim yangilik – investorlar huquqlarini munosib himoya qilish maqsadida Oliy sudda investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlarni koʻrish boʻyicha maxsus sudlov tarkibi tashkil etildi.
Endi yirik investorlar, oʻz xohishiga koʻra, nizoni hal qilish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri Oliy sudga murojaat qilishi mumkin.
Sud tizimida raqamlashtirish yanada kengaytirilib, fuqarolarimizga sud binosiga kelib yurmasdan, onlayn tartibda murojaat qilish imkoniyati yaratilmoqda.
Shuningdek, fuqarolar oʻz arizalarining koʻrib chiqilishi jarayonini masofadan turib kuzatib borishi mumkin boʻladi.
Qonunchiligimizda eskidan qolgan “ishni qoʻshimcha tergov”ga qaytarish instituti tugatildi.
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
SOLIQ IMTIYOZLARI FAROVONLIK UCHUN XIZMAT QILADI
«OSHKORALIK VA SO‘Z ERKINLIGI — BU DAVR TALABI, BU O‘ZBEKISTONDAGI ISLOHOTLARNING TALABI»
“AVTOAVARIYA”LARNI ASOSAN YOSH HAYDOVCHILAR SODIR ETMOQDA
"OSHKORALIK VA SO‘Z ERKINLIGI — BU DAVR TALABI, BU O‘ZBEKISTONDAGI ISLOHOTLARNING TALABI". SHAVKAT MIRZIYOYEV SO‘Z ERKINLIGI SOHASIDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN ISHLAR HAQIDA
YANGI YILNI XAVFSIZ KUTIB OLAYLIK!
KARMANALIK TADBIRKORGA 447 MILLION SO‘MDAN ORTIQ PUL MABLAG‘LARI UNDIRIB BERILDI
Izohlar (0)