Yaxshilik uchun aytilgan yolg'on
Rivoyat qilishlaricha, podshoh bir odamni qatl etishga buyuribdi. Alamzada mahkum podshohni haqorat qilib, ogʻziga kelgan soʻz bilan soʻka boshlabdi. “Jonidan umid uzgan koʻnglidagini soʻylaydi”, deyishadi. Darhaqiqat, mazlumning tili uzun boʻladi. Inson qochishga imkon topolmasa, qoʻlini tavakkal keskir qilichga qalqon qiladi.
Uning aytganlarini tushunmagan podshoh nima deganini bilishni istab vazirlaridan:
– Bu odam nima deyapti? – deb soʻrabdi.
Oliyjanob, marhamatli vaziri:
– Podshohim, u “Ular (taqvodorlar) farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-cadaqa qiladigan, gʻazablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) avf etadiganlardir” oyatini oʻqiyapti, – debdi.
Bu gap podshohga juda yoqibdi. Haligi kishiga shafqat qilib:
– Ozod qiling, ketaversin! – debdi.
Bu orada nodon bir vazir oraga qoʻshilib:
– Podshohim, sizga yolgʻon soʻzlash vazirga yarashmaydi. Bu kishi oyat oʻqimadi, balki sizni ochiq-oydin haqorat qildi, – debdi.
Buni eshitgan podshoh gʻazablanib:
– Uning yolgʻoni sening toʻgʻri soʻzingdan yaxshi edi. Chunki uning soʻzi yaxshilikka, ezgulikka sabab boʻldi. Sening gaping esa yomonlikka boshlayapti, – deb ikkinchi vazirni soʻkibdi.
Yolgʻon bilan isloh qilish rost bilan fitna qoʻzgʻatishdan afzal. Podshohga gapi yetadigan odamning har soʻzi yaxshilik uchun sababchi boʻlishi lozim.
Saʼdiy Sheroziyning “Guliston”idan.
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
Izohlar (0)