Urug‘lik g‘alla maydonlarida aprobatsiya: sara urug‘ yetishtirish nazoratda
Yaqin kunlarda viloyatimiz dalalarida pishib yetilayotgan donni o‘rib-yig‘ib olish ishlari qizg‘in pallaga kiradi. Mavsum oldidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan urug‘lik g‘alla maydonlarida sara urug‘ jamg‘arish maqsadida dala aprobatsiya ko‘riklari o‘tkazildi. Maʼlumot o‘rnida keltirish joiz, viloyatda bugungi kunda 92 ta g‘alla yetishtiruvchi xo‘jaliklarning 2 ming 850 gektar maydonida urug‘lik don yetishtirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining "Urug‘chilik” to‘g‘risidagi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014 yil 12 iyunda 2593-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan "Ekinbop urug‘liklar yetishtirish maqsadida ekilgan navli qishloq xo‘jalik ekinlarini aprobatsiya qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablari asosida urug‘lik g‘alla maydonlarini ajralishi qiyin bo‘lgan madaniy va begona o‘tlardan va begona nav aralashmalaridan tozalanishi, ushbu nizom talablariga javob bermaydigan maydonlar yaroqsizga chiqarilishi Inspeksiya viloyat boshqarmasi va bo‘limlari tomonidan nazoratga olingan.
Jumladan, viloyatda urug‘lik g‘allachilik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan xo‘jaliklarga amaliy yordam berish maqsadida, joylarga borilib O‘zbekiston Respublikasining “Urug‘chilik to‘g‘risida” gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 oktyabrdagi 641-sonli qarori hamda boshqa meʼyoriy hujjatlar talablariga rioya etish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilib, profilaktika tadbirlari o‘tkazildi. Natijada o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qonunbuzilish holatlari kamaydi.
Aprobatsiya ko‘rigini o‘tkazishdan maqsad, qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarining genetik jihatidan tozaligi, zararkunandalar bilan zararlangan-zararlanmaganligi,kasalliklarga chalingan-chalinmaganligi hamda ekishga mo‘ljallangan urug‘likning umumiy holatini aniqlashdan iborat. Shu bois mazkur jarayonga jiddiy yondashilib, aprobatsiyani sifatli va samarali o‘tkazishga eʼtibor qaratildi.
- Aprobatsiya ko‘rigi davomida urug‘lik don ekkan 92 ta xo‘jalikka ogohlantirish xatlari berildi, - deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishi va taʼminotini nazorat qilish bo‘limi bosh inspektori Asqar Mirzoyev.- Shuningdek, 28 ta yozma ko‘rsatma berilib, ijrosi qatʼiy nazoratga olindi. Bundan tashqari, aprobatsiya ko‘rigida urug‘lik g‘alla maydonida begona nav va begona o‘t aralashishiga yo‘l qo‘ygan 7 nafar fermerga nisbatan aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tuman sudlariga yuborilishi taʼminlandi.
Tumanlar kesimida tahlil qilganda, Karmana tumanida 592 gektar, Qiziltepada 622, 3, Navbahorda 585 gektar maydonga urug‘lik don ekilgan. Xatirchi tumanida esa bu ko‘rsatkich 1051 gektarni tashkil etadi.
- 30 gektar maydonga urug‘lik donning “Asr”, “Super elita” navlaridan ekkanmiz, - deydi tumanning “Ahmad Yorlaqobuv” massividagi “Tursunov Kamoliddin” fermer xo‘jaligi raisi Behzod Umarov. – Agroinspeksiya tuman bo‘limi xodimlari g‘alla maydoniga begona nav, begona o‘t aralashtirmaslik, nav tozaligini saqlash bo‘yicha ogohlantirish xatlari berishdi, sara urug‘ ahamiyati keng tushuntirildi. Urug‘chilik talablariga rioya qilib, kelgusida 80 sentnerdan hosil olishni mo‘ljallab turibmiz.
Shuningdek, Inspeksiya viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan urug‘lik g‘alla maydonlarini aprobatsiya ko‘rigidan o‘tkazilganligi bo‘yicha dalolatnomalar tuzilgani ham o‘rganilmoqda. Olib borilayotgan bu ishlar sara va navdor urug‘lik don yetishtirishni ko‘zda tutgani bilan eʼtiborga molik.
“O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi
matbuot xizmati
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
Izohlar (0)