Ona, alla ytgin!
Ona, alla aytgin, baridan bezdim,
Kuzgi bogʻlar kabi shovullar tanim.
Bugun tongda oʻldi yettinchi sezgim,
Saharda tugʻildi minginchi gʻanim.
Ona, alla aytgin, tomom ishongum,
Hovlingdagi gullar suhbatiga ham.
Tushlarimda takror qoshingga borgum
Va uy yumushiga berurman yordam.
Uyalmasman hatto sigir sogʻishga,
Netay, qiz bermagan sengga Xudoyim.
Senga umr bergan bola boqishga
Hamda koʻzyosh bergan yigʻlashga doim.
Ona, alla aytgin, shamollar tunda
Derazaning siniq koʻzidan essin.
Shoirday halovat topurman shunda,
Shundagina mening kiradi esim.
Aytgin, oqqushlarning parvozlaridan
Zavqlangan bolakay ne boʻldi oxir?
Qancha oqqushlarning qanoti sindi,
Sindi bolalarning kulgusi axir.
Aytgin, qaysi katta Xudomi, davlat?
Aytgin, qaysi kichik, dunyomi, koʻngil.
Ona, alla aytib abadiy uxlat,
Horgʻin koʻzlarimni bekitib qoʻygil.
Ona, alla aytgin, qolgan jonzot jim,
Oʻchiring bemaʼni daʼvatingizni!
Izlab tolmaysizmi Xudoning tengin?
Alqab boʻldingizmi davlatingizni?
Endi, onalarning allasi kerak
Ochlikdan koʻzlari kirtayganlarga.
Nohaqlik botqogʻi yutub yuborgan,
Yigʻidan oʻpkasi kengayganlarga.
Hammasini bilib turib, zabonsiz
Yashab kelayotgan jimliklarga ham.
Koʻksim ichidagi biyday payonsiz
Toʻshalib uxlagan qumliklarga ham.
Biz-ku yashayapmiz oʻzizcha bek,
Oʻzimizcha mashhur, oʻzimizcha xon.
Koʻchada tilangan yetim boladek
Ona allasiga muhtojdir jahon.
Ona, alla aytgin, sen, axir soʻnggi
Beoʻy va betayin shoir onasi.
Yelkang uchishlari, koʻzlaring mungi
Qiyomatga oʻxshar — gapning xonasi.
Sen, axir eng soʻnggi maʼlumotsiz dars
Bergan muallimning, yetim bolasi.
Sen, axir dunyoda uzib boʻlmas qarz
Va bezbet farzandning istiholasi.
Ona, alla aytgin, mana shu oʻylar
Boshimni tark etsin, olayin orom.
Itini darvozam tagiga boylab,
Odamday bir bora uxlasin oqshom.
Ona, alla aytgin, baridan toʻydim!
Bek ALI
2021-yil. May.
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
Izohlar (0)