74 yoshli ayolning o‘ninchi bor sudlanishi
Bugun qay bir yoshi ulug‘ inson bilan fikrlashmang, yoshlarning tarbiyasidagi ayrim holatlardan ko‘ngli to‘lmayotganligini aytadi. Aslini olganda, hamma davrlarda ham shunday bo‘lib kelgan. Kattalar yoshlardan qoniqmaydi, yoshlar esa kattalardan. Biroq, masalaning muhim tomoni borki, buni hech kim o‘ylamaydi. Hamma gap shundaki, har kim o‘zini o‘zi isloh qilishi kerak. Toki, tirik ekanmiz, umrimizning bir kuni bo‘lsa ham qolgan ekan, bilingki, biz tarbiyaga muhtojmiz. Yoshlarni ayblashdan oldin o‘zimizni o‘nglashimiz, kattalarga e’tiroz bildirishdan avval maslahatini tahlil qilib ko‘rishimiz kerak. Navbatdagi sud majlisiga guvohlik qilar ekanman, voqea jarayoniga qanday baho berishni ham bilmay qoldim. Axir, ayni paytda sudning qora kursisida beboshlik qilgan o‘spirinlar haqida emas, farzandlari uchun turmush o‘rtog‘idan aliment undirish istagida bo‘lgan yosh ona haqida emas, aksincha, hayotning yaxshi-yomoniga guvoh bo‘lgan, farzandiyu, nabiralarini jamiyatdagi faollikka qo‘shib ulgurgan, 74 yosh bahorni qarshi olgan onaxon haqida fikr bildirish lozim.
Insonning boshi devorga urilganidagina aqli kiradi degan, gap bor. Andijon shahrida istiqomat qiluvchi Hadicha Xayriddinova (ism-shariflar o‘zgartirilgan) aqlini yig‘ib olishi uchun devorga necha bor ro‘baro‘ kelishi kerakligini, to‘g‘risi, tushunolmay ham qoldim. Yoshi ulug‘ligi bir tarafu, bu gal o‘ninchi marta sudlanayotganligi bir taraf bo‘lib qoldi. Aksariyat qonunbuzarlar birinchi sudlanuvdayoq o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarib, hayotini izga solib oladi. Biroq, Hadicha xola unday qilmadi...
So‘nggi 14 yil sud zali uning uyiga aylanib qoldi, go‘yo. Ilk bor 2007-yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudining hukmiga asosan 2 yil sinov muddati belgilandi. Bu muddat hali nihoyasiga yetmay, ya’ni oradan roppa-rosa bir yil o‘tib, yana jinoyat sodir etdi. Bu gal jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi hukmiga ko‘ra 3 yil sinov muddati tayinlandi. Shu tariqa u “jinoiy javobgarliklar esdalik daftari”dagi sahifasini boyita boshladi. Shunday paytlar bo‘ldiki, bir yilda ikki marta sudning qora kursisidan joy oldi. Mana shu davr mobaynida biror marta jazoni o‘tab ulgurmadi. Inson manfaatlarini har tomonlama himoya qiluvchi qonunimizda neki, imtiyoz va imkoniyat bo‘lsa barchasi qo‘llanildi. Ayolga uning turmush sharoiti, salomatligidagi muammolarni hisobga olgan holda yengillik yaratildi. Onaxon bundan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarishi, hayotini izga solishi, o‘zining yaxshi amallari bilan farzandlari, atrofidagilarga ibrat bo‘lishi kerak edi. Aksiga olib, bunday bo‘lmadi.
— Sudlanuvchi Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan tashkil etilgan “Tarkibida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalari bo‘lgan dori-darmonlarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish” tadbiri davomida qo‘lga olingan, —deydi sud raisi Husniddin Kamolov. — Fuqaro Andijon shahridagi “Yuksalish” ko‘chasida dori vositalarini noqonuniy ravishda sotayotganligi ma’lum bo‘ldi. Xolislar ishtirokida yoni tekshirilganida 203 dona dori vositalari borligi aniqlangan. Sud hay’ati sudlanuvchining xatti-harakatlarini qonun doirasida o‘rganib chiqdi va odil hukm chiqardi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida o‘tkazish tartibini, shuningdek, ularning muomalada bo‘lish yuzasidan nazoratini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2015-yil 12-noyabrdagi qaroriga o‘zgartirish kiritish haqidagi 2018-yil 27-oktyabrdagi qaroriga koʻra tramadol, siklodol, fenobarbital kabi vositalar respublika hududida muomalasi cheklangan giyohvand vositalar ro‘yxatiga kiritilgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish to‘g‘risida”gi 2019-yil 27-sentyabrdagi qarorida esa pregabalin va tropikamid moddalari kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kirishi ko‘rsatilgan. Sudlanuvchi bu haqida avval ham ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramay, noqonuniy harakat sodir etishda davom etgan.
Sudlanuvchi sud zalida aybiga to‘liq iqror ekanligini ma’lum qilar ekan, bir necha yillardan buyon salomatligida muammo mavjudligini, ushbu dori vositalarini shifokorlar tavsiyasiga asosan qabul qilishini, uyida oziq-ovqat mahsuloti yo‘qligi tufayli dorilarni sotib, puliga tirikchilik qilishga majbur bo‘lganligini bayon qildi.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: yuzaga kelgan holatda faqat sudlanuvchi aybdormi? Ayol 14 yil davomida takror va takror sudlanishga ulgursayu, xavfli retsidivist maqomini olsayu, nahotki, mutasaddi idoralar vakillari fuqaroni nazoratga olish imkonini topa olmadi? Qolaversa, Andijon shahridagi “Yuksalish” ko‘chasi dori vositalari bilan noqonuniy savdo qiluvchilarning maskaniga aylanganiga 10 yildan oshdi. To‘g‘ri, ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan yilda bir-ikki marta bu harakatlarga qarshi tadbirlar o‘tkaziladi. Kimdir qonun oldida javob beradi. Ertasiga esa inson ruhiyatiga salbiy ta’sir qiluvchi, kishini sarxush qiluvchi, sog‘liq uchun o‘ta xavfli bo‘lgan dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi boshqa ayollar har kungi faoliyatida bamaylixotir davom etadilar. Ushbu hududga mas’ullarning bundan xabari yo‘q, deb o‘ylaysizmi?
Xullas, savollar ko‘p, javob esa yo‘q. Ko‘zimizga arzimasdek ko‘ringan ayrim holatlar o‘z vaqtida bartaraf etilmas ekan, savollar ummoniga g‘arq bo‘lib yuraveramiz.
Hadicha Xayriddinova masalasiga qaytsak, sud unga nisbatan 3 yil sinov muddatini tayinladi...
Saminjon HUSANOV,
“Xalq so‘zi”
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
Izohlar (0)