Zebunniso begimni taniysizmi?

Zebunniso begim (1048 hijriy yil shavvol oyi) 1639-yil milodiy, fevral oyida Dehlida tugʻilgan. Uning otasi Avrangzeb (1618—1707) yoshligidanoq dindorligi bilan nom chiqargan edi. U riyokorlik bilan “umrimni ibodatda oʻtkazmoq uchun Makkaga borib, bu dunyo ishlaridan qoʻl yuvaman”, deb yurar va oddiy xalqqa oʻzini avliyo qilib koʻrsatardi. U otasi Shoh Jahon (shahzoda Xurram) qoʻl ostidagi Dekan viloyatining hokimi edi. Ammo Shoh Jahonga qarshi bir necha marta isyonlar koʻtaradi. Nihoyat, 1657-yilda, otasi Shoh Jahonning kasalligidan foydalanib, katta akasi Doro Shukuhni hokimiyatdan azl qilmoq uchun kichik akasi Shoh Shujoʻ va ukasi Murod Baxshlar bilan ittifoq tuzadi. 1658-yilda akasi Doro Shukuhni asirga olgach, otasi Shoh Jahonni ham taxtdan tushirib, qasrda mahbuslikda saqlaydi.
Koʻp oʻtmay ukasi Murod Baxshni ham ushlab zindonga tashlaydi va oʻsha yerda boʻgʻib oʻldirtiradi. Kichik akasi Shoh Shujoʻ darbadarlikda Birma tuprogʻiga oʻtib, oʻsha yerda butun oila aʼzolari bilan birga qaroqchilar qoʻlida oʻlib ketadi. Katta akasi Doro Shukuhni dinsizlikda ayblab, zindondan olib chiqadi va shahar maydonida boshini kestiradi. Oʻsha kuniyoq Doro Shukuhning kesilgan boshini laganga solib mahbuslikda yotgan kasal otasi Shoh Jaxon oldiga kiritadi. Shoh Jahon esa mahbuslikda sakkiz yil yigʻlab-yigʻlab koʻzi koʻr boʻlib, olamdan oʻtadi.
Avrangzeb Qurʼonni yod bilar, talaygina sheʼrlarni yoddan oʻqir, oʻzi ham sheʼr yozardi. Ammo qattiqqoʻl, birovning haqidan xazar qilmaydigan, qon toʻkishni oddiy bir zarurat deb biluvchi toshbagʻir bir kishi edi. U qirq toʻqqiz yil hukmronlik qilib, 1707-yilda 89 yoshida Ahmadobod shahrida vafot etadi. Avrangzeb koʻp yillik hukmronlik davrida ota-bobolariga oʻxshab meʼmorlik, adabiyot va sanʼatning rivoji uchun qaygʻurmadi.
“Tazkirat ul-havotun”da aytilishicha, Avrangzebning besh oʻgʻli va besh qizi boʻlgan. Oʻgʻillari: Muhammad Sulton, Muazzam Shoh (keyinchalik Bahodir Shoh), Aʼzam Shoh, Muhammad, Amin Kom Baxsh; qizlari — Badriniso begim, Zebunniso begim, Ziynatniso begim, Zubdatniso begim va Mehriniso begimlardir.
Zebunniso begim oʻz zamonasining fozila ayollaridan Hafiza Maryam Bonu qoʻlida savod chiqargan. Otasi Zebunnisoning shoirlik isteʼdodini payqab, unga oʻz davrining yetuk olimlaridan Mullo Muhammad Ashraf Isfahoniy va Mullo Jovonni muallim qilib tayinlaydi. Zebunniso begim zabardast shoira, yetuk olima, usta tanbur chertuvchi sozanda va mohir xattot boʻlib yetishadi. Arab-fors tillarining sarfu nahv (morfologiya va sintaksis)ini, fiqh (qonunshunoslik), mantiq, falsafa, tarix fanlarini puxta oʻzlashtiradi. u nastaʼliq, naqsh va shikasta xatlarini zoʻr mahorat ila bitgan. Qurʼonni bir necha marotaba husnixatda koʻchirgan va yoddan qiroat bilan oʻqigan. Zebunniso begim arab va fors tillari sarfu nahvini egallab, shu tillarda ham ijod qildi.
Zebunniso begim olimlarga, shoirlarga va sanʼat ahllariga homiylik koʻrsatib, ularga maosh toʻlab turgan. “Olami Islom” tazkirasidagi “Zebunniso begim otasi hukmdorlik bilan qozonolmagan shuhratni ilm va odob bilan qozongan” jumlalari fikrimizni tasdiqlaydi.
Zebunniso begim bir qator shogirdpeshalarni ilm-maʼrifat, odob va gʻazaliyot bobida tarbiyalab, kamolotga yetkazgan, Sharqning mashhur shoiri Mirzo Abduqodir Bedil oʻz qizini Zebunniso begim tarbiyasiga topshirgan. Natijada u shoiralik darajasigacha yetishgan.
“Muntaxab at-tavorix” va boshqa asarlardagi bayt Mirzo Bedil qiziga nisbat berilgan:
Yoram maro bahonayi tanho nishondu raft,
Guftam, ki man gʻuboram, doman fishondu raft.
Mazmuni: Yorim meni yolgʻiz tashladi-yu, ketdi, hatto yoʻlingda gʻuboringman desam ham etagini qoqdi-yu ketdi.
Guftam, ki man gʻuboram, doman fishondu raft.
Mazmuni: Yorim meni yolgʻiz tashladi-yu, ketdi, hatto yoʻlingda gʻuboringman desam ham etagini qoqdi-yu ketdi.
1922-yilda chop etilgan “Kobul” jurnalining 10-sonida Zebunniso begim haqida shunday maʼlumot uchraydi: “Zebunniso begimning chiroyli bir devoni boʻlgan. Yana tasavvuf falsafasiga oid «Munis ul-arvoh” asari ham bor. Tafsir sohasida 769 varaqli “Zeb at-tafsir” (“Goʻzal tafsirlar)ni yozdi. Bundan tashqari ilohiyotga doir «Zeb an-nashaot” nomli asar yozib, uni ustozi xotirasiga bagʻishladi. Hindiston musulmonlari orasida dasturulamal boʻlib qolgan “Fatavoyi olamgiriy” (“Shariat qonunlari majmuasi”) asarini fors tiliga tarjima ham qildirdi». Koʻrinib turibdiki, Zebunniso begim oʻz zamonasining oqila va zukko qizi, oʻsha muhitning barkamol ziyolisi edi.
U otasi shoh Avrangzeb Olamgirning yaqin maslahatchisi edi. Lekin Zebunniso begim maslahatlarining hammasi ham shohga maʼqul boʻlavermagan. Ayniqsa, adolat va maʼrifat boʻyicha bergan maslahatlari, erkin fikrlari shohga yoqmagan.
Zukko olima, hassos shoira boʻlmish goʻzallar goʻzali Zebunniso begimga umr yoʻldoshi boʻlishni istagan kishilarning son-sanogʻi boʻlmagan. Biroq, Zebunniso begim ularning hech birini oʻziga munosib topmagan. Zero, Zebunniso begimga ilhaq boʻlganlarning aksari shahzodalar, amirzodalar, bekzodalar va yirik mulkdorlar edi. Oʻz zamonasining shoirlaridan ham Zebunniso begimga yostiqdosh boʻlishga orzumandlar koʻp boʻlgan.
Koʻpgina tarixiy asarlarning guvohlik berishicha, Zebunniso begim yoshligida Oqilxon Roziy ismli shoirtabiat bir yigitga koʻngil qoʻyadi. Oqilxon Roziy ham Zebunniso begimga ishqiy misralar yoʻllab turgan. Shoh Avrangzeb oshiq-maʼshuqning maxfiy uchrashuvlaridan xabar topgach, ularni taʼqib ostiga oladi. Rivoyatlardan birida aytilishicha, kunlardan bir kun Zebunniso begim bilan Oqilxon Roziy bogʻda uchrashib turganlarida boqqa shoh Avrangzeb kirib keladi. Darhol oshiq-maʼshuqlar oʻzlarini panaga oladilar. Oqilxon shohning gʻazabidan choʻchib, berkinish uchun biror panaroq joy izlaydi. Ittifoqo, bogʻning bir chetidagi katta ziyofatlar uchun qazilgan yerda oʻchoqqa oʻrnatilgan katta dosh qozon mis qopqogʻi bilan turardi. Oqilxon ana shu qozon ichiga tushib olib, ustidan qopqogʻini yopib oladi. Albatta, uning bu shoshilinch harakati shoh Avrangzebning nazaridan chetda qolmaydi. Shoh Avrangzeb qizi Zebunniso begimga bogʻdan chiqib ketish haqida amr qilgach, toʻgʻri yurib kelib, dosh qozon qopqogʻi ustiga chiqadi va bakovulni chaqirib, oʻchoqqa olov yoqishni buyuradi. Oʻchoqqa olov yoqilgach, qozon qiziydi. Qopqoq ostidan jizgʻanak hid bilan tutun chiqadi-yu, ammo hech qanday nido eshitilmaydi. Avrangzeb qopqoqdan tushib, bakovulga qozon qopqogʻini ochishni buyuradi. Qopqoq ochilganda qozon ichida yarim qoraygan Oqilxonning jasadi koʻrinadi...
Bengal klassik adabiyotining bilimdoni va hozirgi zamon bengal adabiy tilini yaratuvchilaridan biri Bonkimchondor Chottopaddxayning (1838—1894) “Radj Singx” nomli tarixiy romanida Zebunniso begimning sevgan mahbubi Oqilxon Roziy — Muborak Ali nomi bilan talqin qilinadi. Muallifning hikoya qilishicha, Muborak Alining Zebunniso begimni yaxshi koʻrishi va usiz yashay olmasligini oʻz ogʻzidan eshitgan shoh Avrangzeb Muborak Alini ushlatib, maxsus jazoga mustahiq qiladi. Muborak Ali oldiga koʻz oynakli ilon (kobra) solingan ikkita temir qafasni keltirib qoʻyadilar. Muborak Ali bu jazoning tartiblarini avvaldan bilardi. Chunonchi, bu dahshatli jazodan qutulishning chorasi yoʻqligiga ishonchi komil boʻlgani tufayli, oʻlimni boʻyniga olib, darhol etikni yechib, oyogʻini qafasga yaqinlashtiradi. Gʻazablangan ilon yashin tezligida oyoqni tishlaydi. Muborak Ali dahshatli ogʻriqdan ingrab, jallodga boqadi. Jallod ilon zahrining zoʻrligidan yuzlari koʻkara boshlagan Muborak Aliga qarab, ikkinchi qafasga ishora qiladi. Qonunlarga muvofiq, birinchi qafasdagi ilon chaqqan oyoqni ikkinchi qafasdagi ilonga xam chaqdirish lozim edi. Bundan maqsad, birinchi qafasdagi ilon yaxshi chaqa olmagan boʻlsa yoki yetarli darajada zahari boʻlmagan boʻlsa, ikkinchi qafasdagi ilon meʼyoriga yetkazardi. Binobarin, Muborak Ali yaralangan oyogʻini ikkinchi qafasga tegizadi. Shu lahzada ilon chaqib, hushdan ketadi va olamdan oʻtadi.“Tazkirati shoiroti urdu”da naql qilinishicha, Oqilxon Roziyni qatl qilayottanlarida, u quyidagi gʻazalni oʻqigan ekan:
Baʼdaz murdan zi jafoyi tu agar yod kunam,
Az kafan dast berun oram va faryod kunam.
Mazmuni: Agar sening jafolaringni eslasam, oʻlganimdan keyin ham kafandan qoʻlimni chiqarib, faryod chekaman.
Baʼdaz murdan zi jafoyi tu agar yod kunam,
Az kafan dast berun oram va faryod kunam.
Mazmuni: Agar sening jafolaringni eslasam, oʻlganimdan keyin ham kafandan qoʻlimni chiqarib, faryod chekaman.
Yuqoridagi rivoyatlardai koʻrinib turibdiki, Zebunniso begimning har holda sevgan kishisi boʻlgan. Ammo shoh Avrangzeb bu yigitni oʻziga kuyov qilishdan or qilib, uning boʻyniga tuhmat toshini osib, qatl qildirgan.
Oqilxonning oʻlimidan soʻng, Zebunniso begim qalbida yangi yor uchun oʻrin qolmaydi. U poyoniga yetmagan ishqni dostonini kuylab oʻtadi.
Zebunniso begim kamtarlik ila oʻzi haqida quyidagi misrani yozgan:
Har matoyero xaridor ast dar bozori husn,
Pir shu-d Zebunniso oʻro xaridore nashud.
Mazmuni: Husn bozorida har matoga bor xaridor, ammo Zebunniso qaridi-yu unga xaridor topilmadi.
“Olami Islom”da yozilishicha, eron shahzodalaridan biri Zebunniso begimning husn-latofatda tanholigini eshitib, uni gʻoyibona sevib qoladi. Uning firoqida kuyib, oshiqona gʻazallar yozib, ulardan bir misrani Zebunniso begimga yuboradi.Har matoyero xaridor ast dar bozori husn,
Pir shu-d Zebunniso oʻro xaridore nashud.
Mazmuni: Husn bozorida har matoga bor xaridor, ammo Zebunniso qaridi-yu unga xaridor topilmadi.
Turo, ey gulbadan, beparda didan orzudoram,
Latofathoyi husnatro rasidan orzudoram.
Mazmuni: Ey gulbadan, seni pardasiz koʻrish, husnu latofatlaringga yetishish orzusidaman.
Bunga Zebunniso begim quyidagi javobni yozadi:
Bulbul az gul biguzarad gar dar chaman binad maro,
Vutparasti kay kunad gar baraxman binad maro?
Dar suxan pinhon shudam monandi boʻ dar bargi gul,
Mayli didan harki dorad, dar suxan binad maro.
Mazmuni: Agar bulbul meni chamanda koʻrsa, gul bahridan kechardi, agar barahman meni koʻrib qolsa, butga sajda qilmasdi. Gul oʻz hidini yaproqlariga yashirganday, men ham soʻzda yashiringanman, kimning xohishi meni koʻrmoq boʻlsa, meni soʻzda koʻrsin.
Bu bayt Zebunniso begimning Eron shahzodasiga mohirona bergan javobi edi.
“Hunar va mardum” (Eron) oynomasida hikoya qilinishicha, Avrangzeb Olamgirning yetti vaziri boʻlib, shulardan biri Oqilxon Roziy edi. U yosh, shoʻx, yetuk suxandon, shoir tabiatli yigit boʻlgan. Taqdir taqozosi bilan Zebunniso begim Oqilxon Roziyni yoqtirib qoladi. Nihoyat, har ikki dildor bir-birlari bilan maxfiy ravishda uchrashib, ahdu paymon qiladilar. Ammo shoh Avrangzeb qizi Zebunniso begimni uncha-muncha odamga ravo koʻrmas, shahzodalaru, aslzodalardan kuyov qilishni niyat qilardi. Zebunniso begim bilan Oqilxon Roziy koʻpincha bir-birlariga mushoira tarzida sheʼr yozishib, soʻzlashardilar. Ularning bir-birlariga koʻngil qoʻyganlari va maxfiy uchrashuvlari hasadchi va igʻvogarlar nazaridan chetda qolmadi. Ular bu voqeani shoh Avrangzebga yetkazadilar. Shoh Avrangzeb avvaliga qattiq gʻazablanadi va Oqilxonga nisbatan jazo chorasini qoʻllashni oʻylaydi. Biroq, xabarchilar keltirgan mish-mishdan boshqa qoʻlda amaliy dalil-isbot yoʻqligi tufayli, jazoni bir oz kechiktirishga qaror qiladi. Zero, bu sohada Avrangzeb uzoqni oʻylab ish tutadi. Chunki Oqilxonga beriladigan jazoning bir uchida oʻzining suyukli qizi Zebunniso turardi. Shuning uchun jazo berishda shoshilmasdan, avval ularning xatti-harakatlarini tekshirib koʻrishga jazm qiladi hamda vazirlariga quyidagicha koʻrsatma beradi: har bir vazir bir kecha-kunduz, yaʼni 24 soat davomida saroyda boʻlishi kerak. Haftaning yetti kunini yetti vaziriga taqsimlaydi. Ushbu taqsimotda Oqilxonga ham bir kechayu kunduz saroyda saltanat ishlari bilan shugʻullanishga farmon beradi. Oʻz-oʻzidan maʼlumki, Oqilxon navbatchilik qiladigan tunda Zebuniiso begim bilan Oqilxonning diydor koʻrishmaklariga imkon tugʻilardi. Ammo, shoh Avrangzeb oʻzining voqeanavislarini (josus) yigʻib, shu bir hafta davomida kechasi-yu kunduzi Oqilxon Roziyning xatti-harakatidan voqif boʻlishni hamda kim bilan nima haqda soʻzlashganini nazardai qochirmaslikni tayinlaydi.
Oqilxon Roziy fahm-farosatli, har ishning oqibatini oʻylaydigan aqlli yigit edi. U navbatchilik shohga nima uchun zarur boʻlib qolgani sababini farosat yuzasidan oʻylab topadi. Ishning oqibati yaxshi boʻlmasligiga koʻzi yetgan Oqilxon oʻzini kasallikka solib, oʻsha kun va tun oʻz manzilidan tashqariga chiqmaydi. Zebunniso begim esa Oqilxon Roziyning navbatchilik kechasini zoʻr ishtiyoq va sabrsizlik bilan kutadi. Zero, oʻsha kecha mahbubining visolini koʻrishga musharraf boʻlishdan umidvor edi...
Zebunniso begimning hayot yoʻli afsonaviy voqealarga boy. Uning nasli ota tarafidan ham, ona tarafidan ham Bobur podshohga borib tutashadi. Demak, shoh qizi, boz ustiga aql va idrokda tengsiz, yuksak sheʼriy isteʼdod sohibasi, nazm mulkining malikasi, malikalar ichra goʻzali... Zebunniso begim husnu latofat va malohatda benazir, fazilatda beqiyos boʻlsa-da, oʻzining 63 yillik umri davomida oʻziga munosib, hamdard yor topa olmadi. U 1702-yilda 63 yoshida Dehlida vafot etdi. Uni Dehlidagi “Zarzariy” qabristoniga dafn qilishgan.
“Olami Islom”da yozilishicha, Zebunniso begimning vafotiga bagʻishlab, abjad hisobida quyidagi gʻazal bilan taʼrix yozganlar.
Oh, Zebunniso ba hukmi qazo nogahon az nigoh maxfiy shud.
Manbai ilmu fazl va husnu jamol, Hamchu Yusuf bachoh Maxfiy shud.
Soli taʼrix az hirad justam, guft hotif ki moh Maxfiy shud.
Mazmuni: Oh, Zebunniso, qazo hukmi bilan nogahon koʻzdan yashirindi. Ilmu fazl va husnu latofat manbai Yusuf kabi chohga yashirindi. Taʼrix (vafot) yilini aqldan qidirdim, oy yashirindi deb gʻoyibdan ovoz keldi.
Oh, Zebunniso ba hukmi qazo nogahon az nigoh maxfiy shud.
Manbai ilmu fazl va husnu jamol, Hamchu Yusuf bachoh Maxfiy shud.
Soli taʼrix az hirad justam, guft hotif ki moh Maxfiy shud.
Mazmuni: Oh, Zebunniso, qazo hukmi bilan nogahon koʻzdan yashirindi. Ilmu fazl va husnu latofat manbai Yusuf kabi chohga yashirindi. Taʼrix (vafot) yilini aqldan qidirdim, oy yashirindi deb gʻoyibdan ovoz keldi.
Gʻazalda “Zebunniso bu hukmi qazo” taʼrixi boʻlib, arab alifbosida harflarning raqami 1132 ni tashkil qiladi. Unda “zeb” harflari— 19 dir, demak 1132dan 19 ni olib tashlansa, 1113 qoladi. Bu son hijriy yilda Zebunniso begimning vafot qilgan yilidir. Hijriy 1113-yilni milodiyga oʻgirilsa — 1702-yil kelib chiqadi.
Turgʻun Fayziyevning “Temuriy malikalar” kitobidan olindi.
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
Izohlar (0)