Egizak chaqaloqlarni oʻgʻirlamoqchi boʻldi
Hayotda insonning boshiga tushadigan koʻpgina noxushliklar uning yolgʻon gapirishidan paydo boʻladi. Aldash, makr-hiyla, insofsizlik, haqsizlik, eʼtiqodsizlik, dushmanlik kabi narsalarning barchasi yolgʻon hamda yolgʻonchilikdan vujudga keladi. Baʼzi kishilar biror manfaat koʻrish uchun yolgʻon gapirishadi.
Aslida esa yolgʻondan foyda koʻrish yoʻq. Xalqimizda “Yolgʻonning umri qisqa”, “Buzoqning yugurgani somonxonagacha” kabi maqollar bor. Quyidagi jinoyat tafsilotlari bilan tanishar ekansiz, aynan shu maqollar yodingizga tushsa, ajab emas.
“Bolalarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish kerak...”
Sudlanuvchi Gulsara Inoyatova (ism-shariflar oʻzgartirilgan) jiyani Gulruh Jabborova bilan oldindan jinoiy til biriktirib, sharʼiy nikohdagi turmush oʻrtogʻi Shavkat Hasanov bilan munosabatlarini tiklab, u bilan birga yana avvalgidek hayot kechirish maqsadida undan egizak farzandlar koʻrganini aytib, aldamoqchi boʻladi. Fuqaro Husniya Karimovaning egizak farzandlar koʻrganidan xabar topib, ayolga qoʻngʻiroq qiladi va oʻzini egizak farzand koʻrgan ayollarga yordam puli ajratish bilan shugʻullanadigan komissiya aʼzosi, deb tanishtiradi. Undan egizaklarning rasmini telegram raqamiga tashlab berishni iltimos qiladi. Rasmni olishi bilan Shavkat Hasanovga yuborib, “bu sizning farzandlaringiz” deb xabar yuboradi. Keyin uni yanayam ishontirish uchun Husniya Karimovaga qoʻngʻiroq qilib, egizaklarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish lozimligini, ularni oʻzi borib, mashinada olib kelishini aytadi. Jiyani Gulruh Jabborovani “hamshira”, oʻgʻlini “haydovchi” sifatida sherik qiladi. Husniya Karimovani poliklinikaga kirgizib yuborib, jiyani va oʻzi egizaklarni olib, Shavkat Hasanovning oldiga yoʻl oladi. Shu orada ularni yoʻqotib qoʻygan Husniya Karimova 102 ga qoʻngʻiroq qiladi...
“Sharʼiy turmush oʻrtogʻimni qaytarish fikri tugʻildi...”
Sudlanuvchi Gulsara Inoyatova sud majlisida aybiga qisman iqrorlik bildirib, quyidagicha koʻrsatma berdi:
— Shavkat Hasanov bilan tanishganimga oʻn besh yilcha boʻldi. U shifokor boʻlgani uchun qoʻlida davolanib kelganman. Bundan bir necha yillar ilgari u erimdan taloq olsam, halol yoʻl bilan sharʼiy nikohiga olishini aytdi. Uning gapi bilan erimdan ajrashdim, keyin sharʼiy nikoh oʻqitdik. Biroz yashaganimizdan keyin kelishmovchilik tufayli ajrashib ketdik. Bir kuni aptekaga kirganimda bir qogʻoz boʻlagini koʻrib qoldim. Unda egizak farzand koʻrgan Husniya Karimova toʻgʻrisidagi maʼlumot va telefon raqamiga koʻzim tushdi. Shunda menda uning egizaklaridan foydalanib, sharʼiy turmush oʻrtogʻimni oʻzimga qaytarish fikri tugʻildi...
— Shavkat Hasanov bilan tanishganimga oʻn besh yilcha boʻldi. U shifokor boʻlgani uchun qoʻlida davolanib kelganman. Bundan bir necha yillar ilgari u erimdan taloq olsam, halol yoʻl bilan sharʼiy nikohiga olishini aytdi. Uning gapi bilan erimdan ajrashdim, keyin sharʼiy nikoh oʻqitdik. Biroz yashaganimizdan keyin kelishmovchilik tufayli ajrashib ketdik. Bir kuni aptekaga kirganimda bir qogʻoz boʻlagini koʻrib qoldim. Unda egizak farzand koʻrgan Husniya Karimova toʻgʻrisidagi maʼlumot va telefon raqamiga koʻzim tushdi. Shunda menda uning egizaklaridan foydalanib, sharʼiy turmush oʻrtogʻimni oʻzimga qaytarish fikri tugʻildi...
“Xolamning harakatlarini tushunmadim”
Sudlanuvchi Gulruh Jabborova sud majlisida aybiga qisman iqrorlik bildirib, quyidagilarni maʼlum qildi:
—2018-yilda Toshkent shahridagi Jismoniy tarbiya va sport universitetiga kontrakt asosida oʻqishga kirdim. Oʻqish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasidan Toshkent shahriga koʻchib kelib, xolam Gulsara Inoyatovanikida yashay boshladim. Voqea sodir boʻlgan kuni xolam menga oʻz niyatini oshkor qilgani yoʻq. “Birgalikda egizak chaqaloqlarni poliklinikaga olib borib-kelamiz”, dedi. Xolam bilan birga uning oʻgʻlining boshqaruvida boʻlgan avtomashinada Husniya Karimova yashayotgan Shayxontohur tumaniga bordik. Husniya Karimova chaqaloqlari bilan birga mashinaga oʻtirdi. Poliklinikaga yetgach, xolam Husniya Karimovaga “Siz ichkariga kirib turing, bolalarni mening oʻzim orqa eshikdan olib kiraman. Birga kirsak, hamma tanish-bilishchilik qilyapti, deb oʻylashi mumkin” deb, uning oʻzini ichkariga kirgazib yubordi. U kirib ketgach, mashinada egizak bolalar bilan poytaxtimizdagi restoranlardan biriga bordik. U yerda xolamning sharʼiy turmush oʻrtogʻi Shavkat Hasanov bir erkak bilan ovqatlanib oʻtirgan ekan. Xolam egizaklardan birini “bu sizning farzandingiz”, deb qoʻliga tutqazdi. Ammo Shavkat Hasanov bola undan boʻlmaganligini, DNK qildirishini aytib, ularni telefoniga suratga oldi. Poliklinikaga qaytganimida Husniya Karimova bizni topolmay, 102 ga qoʻngʻiroq qilgan ekan. Xolam “gapirmasdan, faqat egizaklardan birini koʻtarib turishga yordam bersang boʻldi” degani uchun uning harakatlarini tushunmadim, lekin chaqaloqlar xolamniki emasligini bilardim. Meni hamshira, deb tanishtirganini ham eshitganim yoʻq, hozirda boʻlib oʻtgan voqeadan chin koʻngildan pushaymonligimni inobatga olib, yengilroq jazo tayinlashingizni soʻrayman.
Hukm oʻqildi
— Gulsara Inoyatova JKning 137-moddasi 2-qismi “a,b,v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli, deb topildi va 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Gulruh Jabborova ham JKning 137-moddasi 2-qismi “a,b,v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
Izohlar (0)