Ustoz jurnalistga ehtirom: muborak yosh ostonasidagi oʻylar...
Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi aʼzosi, taniqli jurnalist, “Xalq soʻzi” gazetasining Navoiy viloyati boʻyicha muxbiri Temur ESHBOYEV muborak 60 yoshni qarshi oldi.
Umrining qariyb 40 yilini matbuot sohasiga bagʻishlagan ustoz-jurnalist nafaqat bosma nashrlarda, balki, televideniye, radio va OAVning boshqa yoʻnalishlarida ham samarali faoliyat koʻrsatdi.Temur Eshboyev oddiy muxbirlikdan OʻzMTRK Navoiy viloyati teleradiokompaniyasi direktori lavozimigacha boʻlgan bosqichni bosib oʻtdi. Hayot sinovlarida charxlanib, soha sirlarini mukammal egallagan ustoz bugun kasb koʻnimalarini yosh avlodga ham oʻrgatib kelmoqda.
Ish faoliyati davomida oʻzining tashabbuskorligi, isteʼdodli ijodkor, samimiy, halol va mehnatsevar inson sifatida keng jamoatchilik eʼtiborini qozonib, koʻplab shogirdlar tarbiyaladi va bugungi kunda ular nafaqat Navoiy viloyatida balki mamlakatimizning turli hududlarida matbuot sohasida faoliyat koʻrsatmoqda.
Navoiy viloyati teleradiokompaniyasi direktori vazifasida faoliyat koʻrsatgan yillarda kompaniya yangi binosi bunyod etilishi, texnik va texnologik jihozlanishida alohida jonbozlik koʻrsatdi.
U rahbarlik qilgan yillarda viloyat televideniyesining sutkalik koʻrsatuvlar dasturlari 2 soatdan 14 soatga yetkazilib, “Inson oʻzing..”, “Tarixingdir ming asrlar...”, “Maʼnaviyat iqlimida” kabi bir qator original koʻrsatuvlar efir setkasidan doimiy oʻrin egalladi.
Temur Eshboyev 2016-yil dekabr oyidan buyon “Xalq soʻzi” gazetasining Navoiy viloyatidagi muxbiri sifatida viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy hayotiga oid xabar va axborotlarni yoritish barobarida, bir qator tanqidiy-tahliliy maqolalari bilan jamiyatimizning yangilanish jarayonlariga oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelmoqda.Ustoz-jurnalistning uzoq yillik samarali mehnati, mazmunli faoliyati davlatimiz Rahbari tomonidan yuksak baholanib, 2021-yil “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
— Men jurnalistika sohasini tanlaganimdan hamisha faxrlanaman. Faoliyatim davomida koʻplab doʻstlar orttirdim, dunyoni chuqurroq angladim, hayotiy saboqlarim va xulosalarimini matbuotda keng yoritishga harakat qildim, — deydi Temur Eshboyev. — Inson qaysi kasbda faoliyat koʻrsatmasin u mehnat qilayotgan, non-tuz yeyayotgan sohasini qadrlashi va unga sadoqatli boʻlishi kerak. Zero, har qanday muvaffaqiyat tinimsiz mehnat va fidoyilik ortidan keladi. Ayni paytda ijodiy faoliyatimni davom etitirgan holda yangi-yangi mavzular ustida ishlayapman. Hayotiy qarashlarimni alohida kitob qilish niyatidaman.
Temur Eshboyevga 60 yoshlik yubleyi munosabati bilan Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati boʻlimi tabriknomasi va esdalik sovgʻalari topshirildi.Otabek ASLONOV,
Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi
Navoiy viloyati boʻlimi raisi.
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
Izohlar (0)