"Bunga onam sababchi"
Bir kuni advokatlar byurosida oʻtirgan edim. U yerda bir kishi bilan tanishib qoldim. Advokatning qoʻlidagi hujjatlarning jildiga “Oʻta xavfli katta oʻgʻri” deb yozilgan ekan.
Men u kishidan: “Qanday qilib bunday oʻgʻri boʻlib ketding?”, deb soʻradim.
U kulimsirab: “Bunga onam sababchi”, dedi.
“Qanday qilib?”, dedim men.
U yana kulimsirab, shunday hikoya qila boshladi:
“Toʻrtinchi sinfda edim. Bir kuni qalamimni yoʻqotib qoʻydim. Uyga kelganimda onam buni bilgach, meni qattiq kaltaklab, xunuk soʻzlar bilan urishdi, «Landovur! Latta!” deb baqirdi. Onamning bunchalik qattiqqoʻlligi tufayli uning oldiga quruq qoʻl bilan qaytmaslikka ahd qildim-da, ertasi kuni sinfdoshlarimdan birining qalamini oʻgʻirladim. Qalamni kim oʻgʻirlaganini hech kim bilmadi. Bundan dadillashib, boshqa oʻrtoqlarimning qalamlarini ham oʻgʻirladim. Avvaliga hadiksirab oʻgʻirlardim, asta-sekin qoʻrqmay ham qoldim. Usta oʻgʻri boʻlib ketdim, turli hiylalar oʻrgandim. Eng qizigʻi, oʻrtoqlarimning qalamini oʻgʻirlab, keyin yana oʻzlariga pullardim. Bir oydan keyin sinfdoshlarimni tunash menga qiziq boʻlmay qoldi. Endi qoʻshni sinflarga ham oʻgʻirlikka tusha boshladim. Sinfdan sinfga oʻtib, oxiri maktab mudirining xonasiga oʻgʻrilikka tushdim. Bu yillar men uchun haqiqiy oʻgʻrilik maktabi boʻldi. Keyinchalik tajribam ortib, katta oʻgʻri boʻlib ketdim».
Ikkinchi bolaning onasi shunday hikoya qiladi:
“Oʻgʻlim ikkinchi sinfda oʻqir edi. Bir kuni maktabdan boshqacharoq boʻlib keldi. Soʻrasam, qalamini yoʻqotib qoʻyibdi. Men undan: «Keyin nima qilding?”, deb soʻradim. U: “Oʻrtogʻimning qalamini olib turdim”, dedi. “Yaxshi qilibsan. Oʻrtogʻing senga qalamini berib turgani uchun sendan yegulikmi, sharbatmi yoki pulmi oldimi?” dedim. “Yoʻq, hech narsa olmadi”, dedi oʻgʻlim. “Unday boʻlsa, rosa savobga qolibdi-da! Qoʻli ochiq, yaxshi bola ekan. Oʻgʻlim, sen ham shunday qoʻli ochiq boʻlgin, xoʻpmi? Sen ham boshqalarga yaxshilik qilsang, senga ham ana shunday savoblar, hasanotlar yoziladi”, dedim.
“Qanday qilib?”, dedi oʻgʻlim koʻzlari yonib. “Senga ikkita qalam sotib olamiz. Bittasida oʻzing yozasan, ikkinchisini «Savoblar qalami” deb ataymiz. Qaysi sinfdoshing qalamini esidan chiqarib qoʻygan yoki yoʻqotib qoʻygan boʻlsa, unga berib turasan. Darsdan keyin yana qaytarib olasan», dedim. Oʻgʻlim bu taklifni eshitib, xursand boʻlib ketdi. Ertasiga yettita qalam sotib oldik, bittasi oʻziniki boʻldi, qolgan oltitasi esa “savob qalamlari” boʻldi. Bir necha kundan keyin “Qalami esidan chiqib qolgan oʻrtogʻimga qalam berib turib, savob oldim!” deb xursand boʻlib kirib keldi. Buni qarangki, oʻgʻlim maktabda oʻqishni unchalik yoqtirmas, shuning uchun oʻqishi ham biroz sust edi. Lekin savobga qalam berib tura boshlaganidan keyin maktabni yaxshi koʻrib qoldi. Chunki endi maktabda uni oʻqituvchilari ham, sinfdoshlari ham maqtay boshlashdi. Kimning qalami yoʻq boʻlsa, oʻgʻlimga aytadgan boʻldi. Oʻqituvchilar ham birorta oʻquvchining yozmay oʻtirganini koʻrib qolsa, “Qani falonchi, savob qalamingni oʻrtogʻingga berib tur-chi” deydigan boʻlishdi. Xullas, oʻgʻlimning oʻqishlari yaxshilanib qoldi. Oʻqishga jon-dili bilan berilib ketdi. Hozir u universitetni tamomladi, uylandi, Alloh unga farzandlar ham berdi. Oʻgʻlim “savob qalamlari”ni hech qachon unutmaydi. Hozir u shahrimizdagi eng katta xayriya jamgʻarmasining rahbari».
Azizlar, farzandlarimizning tarbiyasida nihoyatda hushyor boʻlaylik. Ularga muloyim muomala qilib, hatto salbiy voqealarni ham bebaho tarbiyaviy usullarga aylantiraylik.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmuʼtiyning
“Farzandlarimizni mehr bilan tarbiyalaylik” kitobidan
Tarjimon: Muhammad Ali Muhammad Yusuf
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
Izohlar (0)