Yolgʻondan “oʻlgan” odam
Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida 100% kuyib ketgan jasad topilganligi ishi yuzasidan yangi tafsilotlar maʼlum boʻldi.
Eslatib oʻtamiz, mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “j” bandi (Oʻta shafqatsizlik bilan qasddan odam oʻldirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan edi.
Maʼlum boʻlishicha, qotillik alomatlari (yonib ketgan) boʻlgan nomaʼlum shaxs murdasi bilan birga “COBALT” rusumli avtomashinasi ham topilgan. Nomaʼlum murda mazkur avtomobilni ijara shartnomasi asosida haydab yurgan fuqaro Fayzullo P. ekanligi taxmin qilingan. Biroq jinoyat joyi koʻzdan kechirilganda oʻsha yerda yotgan aroq shishasi idishidan boshqa bir shaxs — fuqaro Sergey S.ning barmoq izlari aniqlangan.
Shundan soʻng Sergey S.ning onasi va ukasi soʻroq qilingan. Yaqinlari tomondan marhumning doimiy ish joyi yoʻqligi, qurilish ishlarida yollanma ishchi boʻlib ishlab yurishi, muqaddam oʻgʻirlik bilan sudlangani, muntazam ravishda spirtli ichimlik isteʼmol qilishi, voqea sodir boʻlgan kuni uydan chiqib ketib, qaytib kelmaganligi bayon etilgan.
Olib borilgan tezkor-surishtiruv harakatlari davomida marhum deb taxmin qilingan Fayzullo P. aslida tirik boʻlib, Ohangaron shahrida yashirinib yurganligi aniqlangan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Oxangaron shahridagi xonadonlarining birida yashiringan Fayzullo P. ushlangan.
Jinoyat ishi boʻyicha soʻroq qilingan Fayzullo P. oʻz aybiga iqror boʻlib bergan koʻrsatmasida “COBALT” avtomashinasida Toshkent shahar hududida kirakashlik qilib yurganida ayrim fuqarolardan 4,1 ming AQSH dollarini aldab olgani, qarz boʻlib qolgani, ularni qaytarishning imkoni boʻlmagani sababli notanish shaxsni oʻldirib, oʻzini oʻldiga chiqarib qoʻrsatish rejasini tuzganligini bildirgan.
F.P. 2021-yil 28-may kuni Uchtepa tumani, 20-mavzesida baklashka terib yurgan rus millatiga mansub, oʻziga notanish shaxs - Sergey S.ni koʻrib, unga ish taklif qilib, oʻzining boshqaruvidagi “COBALT”ga oʻtqazib, doʻkondan olingan aroqni ichirib, Sirdaryo viloyati hududidagi ovloqroq joyga olib kelgan hamda oʻta shafqatsizlik bilan qasddan oʻldirgan.
Hozirda gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.
Tergov harakatlari davom etmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
Izohlar (0)