QARZI HASANA
Tong...U befarq edi.Atrofidagi tanish-notanishlarning g‘ala-g‘ovuri ham qulog‘iga kirmas edi. Hamma baqirib yig‘lardi...U yig‘lamadi. U bir tomchi ham ko‘z yosh to‘kmadi.Nima uchun yig‘lasin, kim uchun yig‘lasin? Axir shu odam emasmidi ularning bor-yo‘g‘ini shayton sharbatiga almashgan.
Shu inson emasmidi,undan bolaligini tortib olgan, shirin damlarini o‘tsiz kul qilgan. Ha shu...shu inson emasmidi farishta onasiga 20 yil zahar-zaqqum yuttirib, qirqqa to‘lmasidan go‘rga tiqqan. O‘n olti ko‘klamni qarshilaguncha ne kunlarni ko‘rmadi bu sho‘rlik bosh. Izg‘irin qishda tomdan tomchilagan tinimsiz chakkiga ham, qarzini so‘rab chiqqan qo‘shnilarning zardasiga ham, tengdoshlarining kamsitishlariyu, qarindoshlarning ta'na-malomatlariga chidab keldi. O‘n yoshida sochiga oq oralamay olamdan ko‘z yumgan volidasining o‘limiga ham chidadi... Chidayverdi.Axiyri u hissiz bo‘lib qoldi. Bir zumda o‘n olti yillik umri ko‘z oldidan yoz yomg‘iridek bir yog‘ib o‘tdi. Atrofidagi odamlar hovlini boshlariga ko‘tarib birdan faryod solishdi. Uylarida qayoqdan paydo bo‘ldi shuncha odam.Shuncha qarindoshlari bormidi ularning. Dod solib yig‘lardi tirigida akasidan jirkangan “mehribon” singillar. Nega jigarini tirigida yo‘qlab kelishmadi bu soxta qadrdonlar.Nega uni vaqtida yo‘lga solishmadi. Mittigina jiyanlarinichi,nega yetim deya sochlarni silashmadi,erkalashmadi hech. Birdan ongiga o‘qdek kelib qadalgan fikr, xayollarni chilparchin etdi. U hayotdagi so‘nggi yaqinidan, suyanolmasada asli o‘zi jondan suygan tog‘idan ajralganini his etdi!
Tobut yerdan ko‘tarildi...Uning olti yildan beri yoshlanmagan qaroqlaridan yanoqlarga yosh tomchiladi.Biroq, u faryod solmadi.Ko‘hna olamning azaliy og‘ir sukunati buzgisi kelmagandir balki... Faqat, uning eng qadrdon kishisi tobutini yelkalab borayotgan insonlar ortidan asta ergashdi. Bolalikdagi misol entikib-entikib borardi u...Tobutni ko‘k peshtoqli eski masjid hovlisida yerga qo‘yishdi.U taqimini o‘pib turguvchi qop-qora sochlari mayin kuz shamolida to‘zg‘igancha masjid chinorlari orasidan hovliga boqardi. Boshiga oppoq salla o‘ragan, ellik yoshlar chamasi imom-xatib og‘ir qadam bosib keldi. Janoza duosini boshlashdan oldin an՚anaga ko‘ra xalqdan so‘radi:- “Marhumning kimdandir qarzi bor edimi?” Xalq jim edi, balkim tirigida uzolmagan qarzlarini jonsiz marhumdan so‘rashga or qilgandir. Imom taomilga ko‘ra vazmin ohangda yana ikki marotaba savolni takrorladi. Shunda chinorlar orasidan vaziyatni unsiz kuzatib turgan bir juft ko‘z odamlar orasiga otilib chiqdi: "Mendan qarzi bor edi. Otamning mendan o‘n olti yil qarzi bor. O‘n olti yillik mehr qarzi bor otamni”.
Umida RAHMONOVA
Ctrl
Enter
Xato topdingizmi
Bizga junating Ctrl+EnterBoshqa ma`lumotlar:
Izohlar (0)